“Abu Rayhon Beruniy ilmiy merosining jahon fani rivojidagi o‘rni” mavzusidagi xalqaro konferensiya oldidan matbuot anjumani o‘tkazildi

Saqlash
17:03 / 23.09.2023 2175 0

Joriy yilning 22-sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutida buyuk mutafakkir va qomusiy olimAbu Rayhon Beruniy ilmiy merosining jahon fani rivojidagi o‘rni mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya oldidan matbuot anjumani o‘tkazildi.

 

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 25-avgustdagi “Buyuk mutafakkir va qomusiy olim Abu Rayhon Beruniy tavalludining 1050 yilligini xalqaro miqyosda keng nishonlash to‘g‘risida”gi 361-sonli qaroriga muvofiq Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Madaniyat vazirligi, “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Xorazm viloyati  va Toshkent shahar hokimliklari hamkorligida joriy yilning 25-28-sentabr kunlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida Abu Rayhon Beruniy hayoti va faoliyati, uning jahon tamadduni rivojiga qo‘shgan ulkan hissasiga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya hamda Toshkent shahrida Abu Rayhon Beruniy tavalludining 1050 yilligiga bag‘ishlangan xalqaro anjuman o‘tkazish rejalashtirilgan.

 

Bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida aynan mana shu yirik loyihalarning dasturi, maqsad va vazifalari atroflicha muhokama qilindi. Ma’lumot berilishicha, loyiha doirasida 15 ta davlatdan (Turkiya, Hindiston, Pokiston, Bangladesh, Afg‘oniston, Xitoy, O‘rta Osiyo va Qozog‘iston, Rossiya) 20 nafar xorijiy mehmon,   taniqli olimlar va ziyolilar, yozuvchi, shoirlar, san’at va madaniyat vakillari, “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati a’zolaridan iborat 200 nafar Respublikamizning barcha hududlaridan mutaxassis olimlar, jurnalist va blogerlar qamrab olinadi.

 

Anjumanda Abu Rayhon Beruniyning yangi chop etilgan asarlari namoyishi ham bo‘lib o‘tdi. Xususan, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari Mihnojiddin Hojimatov ilk bora qoraqaploq tilida nashr etilgan “Hindiston” asarini ommaga tanishtirdi.

 

O‘zR FA Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti direktori Bahrom Abduhalimov Beruniy ilmiy merosining ahamiyati xususida atroflicha fikr yuritib, Sharqshunoslik institutida amalga oshirilgan qator chora-tadbirlar haqida ma’lumot berdi.  



 

Ma’lum qilinishicha, loyiha doirasida Abu Rayhon Beruniyning “Kitob as-saydana fi-t-tibb” nomli kitobi tayyorlanmoqda hamda Beruniyning hayoti, ilmiy merosi hamda ijtimoiy-siyosiy qarashlari umumlashtirilgan “Abu Rayhon Beruniyning  ijtimoiy-siyosiy va huquqiy qarashlari” nomli risola ishlab chiqildi.

 

 

Shuningdek anjumanda, O‘zR FA Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti direktor o‘rinbosari professor Surayyo Karimova, falsafa fanlari doktori, professor Baxtiyor Karimov, O‘zR FA Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti ilmiy xodimi Umida Kuranbaeva, O‘zR FA Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti ilmiy xodimi Fahriddin Ibrohimov, filologiya fanlari nomzodi Salima Eshonovalar ham o‘z tadqiqotlari doirasida muhim mulohazalari bilan o‘rtoqlashdilar.



 

Anjuman ishtirokchilari kutilayotgan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya va yubiley doirasidagi tadbirlar yuqori saviyada o‘tkazilishiga amin bo‘ldilar.

 

 

Sirojiddin RUSTAMOV,

Oyina.uz

 

 

Oyina.uz'ni Telegramda kuzating!

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//