Madaniyat
2023-yil 22-sentabr kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat O‘zbek tili va adabiyoti universitetida O‘zbekiston xalq shoiri Rauf Parfi tavalludining 80 yilligiga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi, Alisher Navoiy nomidagi davlat adabiyot muzeyi, O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat O‘zbek tili va adabiyoti universiteti, Anqara Hoji Bayram universiteti, Egey universitetining Adabiyot fakulteti Turk tili va adabiyoti bo‘limi hamda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi hamkorligida tashkil qilingan “Zamonaviy she’riyatni o‘rganishning dolzarb masalalari” mavzusidagi mazkur anjumanda ijodkorlar o‘z xotiralari bilan, adabiyotshunoslar esa shoir ijodiga bag‘ishlangan ma’ruzalari bilan ishtirok etdilar.
Anjumanga Alisher Navoiy nomidagi davlat adabiyot muzeyi direktori Jabbor Eshonqul moderatorlik qildi.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi o‘rinbosari Gʻayrat Majid bergan ma’lumotga ko‘ra, joriy yilda Rauf Parfining she’riy to‘plami va zamondoshlar xotirasida kitoblari chop etildi hamda Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumanidagi ko‘chalarning biriga shoir nomi berildi.
O‘zbekiston xalq shoiri Xurshid Davron Rauf Parfi bilan bog‘liq xotiralarini esladi:
“Ko‘chaga chiqqanda suvratini ko‘rsatar edi, siyratini ko‘rsatmas edi. Kim ko‘chada qolsa, borishi mumkin bo‘lgan yagona xonadon Rauf akaning uyi edi...”
Professor Abdulla Ulug‘ov Rauf Parfini intellektual shoir deb atadi va musavvirona misralarini tahlil qilishga urindi. Yozuvchi Nazar Eshonqul fikriga ko‘ra esa Rauf Parfi “ta’masiz, erkin ijodkor” bo‘lgan.
Anjuman doirasida filologiya fanlari doktori Yashar Qosim (Ozarboyjon) “Rauf Parfi va avloddoshlari ijodida san’at va san’atkor konsepti”, professor Shomirza Turdimov “Turk dunyosining shoiri”, filologiya fanlari doktori Olim Oltinbek “Rauf Parfi – jahonshumul shoir”, Go‘zal Matyoqubova “Rauf Parfi she’riyatining ma’rifiy-ruhiy tarovati” mavzularida ma’ruzalar qildi.
Ma’lumot uchun, anjuman materiallari yig‘ilib, to‘plam holida nashr etilgan.
Nargiza Odinayeva,
Oyina.uz
Jamiyat
Jamiyat
Sport
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q