Samarqandda 3 kunlik chaqalogʻini 50 mln soʻmga sotmoqchi boʻlgan ayol qamaldi

Saqlash
22:16 / 21.09.2023 1903 0

Samarqand viloyati Oqdaryo tumanida oʻzining 3 kunlik chaqalogʻini 50 mln soʻmga sotib yubormoqchi boʻlgan ayol 5 yil-u 6 oyga ozodlikdan mahrum etildi. Unga oʻqilgan sud hukmi Sevimli telekanalining Zamon informatsion dasturidagi lavhada eʼlon qilindi.

Sud hujjatlariga koʻra, ayol boshqa yigitdan homilador boʻlib, buni yaqinlaridan yashirish maqsadida tugʻilajak farzandini Samarqand tumanida yashovchi ayolga 50 mln soʻm evaziga sotishga kelishgan. 2023-yil 5-iyun kuni ayol pullarni olayotgan vaqtida ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan ushlangan.
 

“U bola menga uylanmay ketib qolgani uchun [bolani] mayli beraman, dedim. [Yigit] 8 yildan beri farzandim yoʻq, boʻlmayapti, degandi… Ota-onamning yuzini yerga qaratib qoʻydim. Meni kechiringlar”, — deya taʼkidladi sudlanuvchi ayol.
 

 

Sudda bolaning xaridori chaqaloq tugʻilguncha u bilan doimiy aloqada boʻlib turganini aytdi.
 

“…Ular qornidagi farzandlarini bizga sotishga rozi boʻldi. U tugʻilsa, berasizmi dedik. Ha, beraman, dedi. Keyin xoʻjayinim shunday berasizmi, dedi. Bu kishi shunday emas, 50 mln soʻm berasiz, deb aytgan. Tugʻganidan soʻng telefon qildi”, — deydi chaqaloq xaridori.
 

 

Sud keltirilgan asoslarni hisobga olib, Jinoyat kodeksining 135-moddasi 3-qismi “a” bandi (18 yoshga toʻlmagani aybdorga ayon boʻlgan shaxsga nisbatan sodir etilgan odam savdosi) va 57-moddasiga (Yengilroq jazo tayinlash) asosan ayolni 5 yil-u 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qildi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//