Siyosat
19-sentabr kuni BMT Bosh Assambleyasining 78-sessiyasi tadbirlari doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Amerika Qoʻshma Shtatlari Prezidenti Jozef Bayden bilan uchrashuvi boʻlib oʻtdi.
Ikki tomonlama munosabatlar va mintaqaviy hamkorlikning dolzarb masalalari koʻrib chiqildi. AQSH Prezidenti mamlakatimiz mustaqilligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligini hamda Yangi Oʻzbekistonda amalda oshirilayotgan va muqarrar tus solgan islohotlar siyosatini qatʼiy qoʻllab-quvvatlashini tasdiqladi.
AQSHning yetakchi kompaniya va banklari bilan amaliy hamkorlik loyihalarini ilgari surishga toʻxtalib oʻtildi.
Ishbilarmonlar bilan oʻtkazilgan ikki tomonlama uchrashuvlar hamda davlatimiz rahbarining AQSHga tashrifidan oldin oʻtgan biznes forumi yakunlari mamnuniyat bilan qayd etildi.
Inson huquqlari, gender tenglik sohalarida hamda inson farovonligini taʼminlashning boshqa yoʻnalishlarida konstruktiv hamkorlikni davom ettirishga alohida eʼtibor qaratildi.
Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev Nyu-York shahriga tashrif dasturiga muvofiq 19-sentabr kuni Markaziy Osiyo mamlakatlari va Amerika Qoʻshma Shtatlari yetakchilarining “C5+1” formatidagi birinchi sammitida ham ishtirok etdi.
Tadbirda, shuningdek, Amerika Qoʻshma Shtatlari Prezidenti Jozef Bayden, Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Qirgʻiz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon va Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov qatnashdi.
Uchrashuv kun tartibiga muvofiq, savdo-iqtisodiy sheriklikni kengaytirish istiqbollari, “yashil” taraqqiyot, energetika xavfsizligini taʼminlash va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy qilish, mintaqaviy xavfsizlik, terrorizm va transchegaraviy jinoyatchilikka qarshi kurashish sohalarida hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
Sammitda sakkiz yil muqaddam Samarqand shahrida tashkil etilgan “C5+1” formati Markaziy Osiyo davlatlari va Amerika Qoʻshma Shtatlari oʻrtasidagi ochiq va konstruktiv muloqot, barcha sohalarda samarali hamkorlikni rivojlantirish uchun muhim maydonga aylangani taʼkidlandi.
Shavkat Mirziyoyev Markaziy Osiyo mintaqasida doʻstlik, oʻzaro anglashuv va sheriklik munosabatlari mustahkamlanib borayotgani, bu keng hamkorlik uchun yangi va noyob imkoniyatlar yaratayotganini yuksak baholadi.
Savdo-investitsiyaviy faoliyatni kuchaytirish, loyihaviy hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, mintaqada transport yoʻlaklarini rivojlantirish, “yashil” kun tartibini ilgari surish, inson huquqlari va gender tenglikni taʼminlash, taʼlim dasturlarini kengaytirish, Afgʻonistondagi vaziyatning tinch yoʻl bilan hal etilishiga koʻmaklashish kabi butun mintaqa rivoji uchun strategik ahamiyatga ega ustuvor yoʻnalishlar koʻrsatib oʻtildi.
Uchrashuv yakunida mintaqa mamlakatlari va AQSH oʻrtasidagi oʻzaro anglashuvni yanada chuqurlashtirish va amaliy sheriklikni kengaytirish yuzasidan kelishuvlarga erishildi.
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Ilm-fan
Jamiyat
Sport
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q