Jahon miqyosida ishonch inqirozi, paxta qulligidan qutulish, Afgʻoniston va Markaziy Osiyodagi suv muammosi — Mirziyoyev BMT minbaridan nutq soʻzladi

Saqlash
14:30 / 20.09.2023 1220 0

Oʻzbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh Assambleyasining 78-sessiyasida nutq soʻzladi.

Mirziyoyev Jahon miqyosida ishonch inqirozi kuzatilayotgani, global xavfsizlik institutlari faoliyatidagi muammolar va xalqaro huquq meʼyorlaridan chekinish kuchayayotganiga urgʻu berdi.

“Bularning barchasi keng koʻlamdagi keskinlik ortishiga sabab boʻlmoqda. Geosiyosiy qarama-qarshiliklar tufayli savdo, investitsiya va innovatsiya sohalaridagi erkin almashish yoʻlida yangi toʻsiqlar vujudga kelmoqda. Hatto iqlim oʻzgarishlari, ochlik va tengsizlikka qarshi kurash singari butun bashariyat taqdiriga daxldor boʻlgan masalalarda ham oʻzaro muloqot izdan chiqqani sezilmoqda”, — dedi Mirziyoyev.

Davlatimiz rahbari Oʻzbekistonning kelgusida rivojlanish yoʻnalishlariga ham toʻxtaldi.

“Biz huquqiy, dunyoviy, demokratik va ijtimoiy davlat boʻlmish Yangi Oʻzbekistonni barpo etish siyosatini qatʼiy davom ettirmoqdamiz. Mamlakatimiz inson qadri va manfaatlari uchun degan ezgu gʻoya asosida demokratiya va adolat tamoyillarini mustahkamlashga qaratilgan tub islohotlar yoʻlidan dadil ilgarilab bormoqda”, — dedi prezident BMT minbarida.

Prezidentning taʼkidlashicha, Oʻzbekistonda 2017-yildan buyon kambagʻallik 2 barobarga kamaygan. 2030-yilga borib bu koʻrsatkichni 7 foizga tushirish reja qilingan.

Prezident oʻtkazilgan islohotlar paxta yakkahokimligidan qutulishga olib kelganini ham taʼkidlab oʻtdi.

“Bir asr davomida Oʻzbekistonda millionlab insonlar paxta terimiga majburiy ravishda jalb etib kelindi. Har yili sentyabr oyidan dekabrgacha aholining asosiy qismi, oʻqituvchi va shifokorlar, tadbirkor, ishchi va xizmatchilar, eng achinarlisi, maktab oʻquvchilari va talabalar paxta terimiga safarbar qilinar edi. Buning natijasida oʻzbek paxtasiga boykot eʼlon qilingan, mamlakat esa yillar davomida qora roʻyxatlarga kiritilgan edi. Qatʼiy irodamiz tufayli endi bularning barchasi oʻtmishga aylandi. Xalqimiz paxta qulligidan butkul ozod boʻldi”, — dedi prezident.

Oʻzbekiston prezidenti 2024-yili BMT shafeligida “Ijtimoiy himoya: barqaror taraqqiyot sari yoʻl” butunjahon konferensiyasini Oʻzbekistonda oʻtkazishni taklif etdi.

Shavkat Mirziyoyev Markaziy Osiyo birdamligi haqida ham toʻxtalib oʻtdi.

“Bizning nafaqat tariximiz, balki kelajagimiz, hayotiy muhim manfaatlarimiz ham umumiy va mushtarakdir. Mintaqaviy hamkorligimizni kengaytirishdan boshqa yoʻlimiz yoʻq va boʻlishi ham mumkin emas”, — dedi u.

Bundan tashqari, global iqlim isishi Markaziy Osiyo mintaqasida suv taqchilligini keltirib chiqarish muammosiga eʼtibor qaratdi.

“Soʻnggi 30 yilda mintaqamizda havo harorati oʻrtacha 1,5 gradusga koʻtarildi. Bu dunyodagi oʻrtacha isishdan 2 karra koʻp. Oqibatda muzliklar umumiy maydonining qariyb uchdan bir qismi yoʻqolib ketdi. Ushbu tendensiya saqlanib qolsa, yaqin 20 yilda mintaqamizdagi ikkita yirik daryo — Amudaryo va Sirdaryo oqimi 15 foizga qisqarishi mumkin. Jon boshiga suv bilan taʼminlash darajasi 25 foizga, qishloq xoʻjaligi ekinlar hosildorligi esa 40 foizga kamayishi kutilmoqda”, — dedi Mirziyoyev.

Shularni eʼtiborga olib, Shavkat Mirziyoyev “Markaziy Osiyo iqlim tahdidlari qarshisida: umumiy farovonlik uchun hamjihatlik” nomli BMT rezolyutsiyasini qabul qilishni taklif etdi.

“Uning asosiy mazmunini kelgusi yil Samarqandda boʻlib oʻtayotgan xalqaro iqlim forumida muhokama qilishni taklif etaman”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident soʻnggi paytlarda ayrim mamlakatlarda koʻzga tashlanayotgan diniy toqatsizlik, islomofobiya holatlariga aslo yoʻl qoʻyib boʻlmasligini taʼkidladi.

“Jahon miqyosida dinlararo bagʻrikenglik va hamjihatlik gʻoyalarini keng targʻib etish maqsadida Oʻzbekistonda UNESCO shafeligida “Dinlararo muloqot va bagʻrikenglik” xalqaro markazini tashkil etishni taklif etamiz”, — dedi prezident.

Shavkat Mirziyoyev Afgʻonistonni oʻz muammolari bilan yana yolgʻiz qoldirish katta xato boʻlishini qayd etdi.

“Inkor qilish, yakkalab qoʻyish va sanksiyalar qoʻllash oddiy afgʻon xalqining ahvolini yanada ogʻirlashtirmoqda. Afgʻon xalqiga insonparvarlik yordami koʻrsatishni susaytirmaslik lozim, deb hisoblaymiz. Afgʻonistonning muzlatilgan xalqaro aktivlarini bu yurtdagi oʻtkir ijtimoiy muammolarni hal etishga yoʻnaltirish uchun maqbul mexanizmlarni ishlab chiqishga chaqiramiz”, — dedi prezident.

Shavkat Mirziyoyev shuningdek, 2024-yilda Oʻzbekistonda Osiyo xotin-qizlarining forumini oʻtkazishni ham taklif qildi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//