Toshkentda 22-sentabrda “Avtomobilsiz kun” boʻlib oʻtadi

Saqlash
16:14 / 19.09.2023 1297 0

22-sentabr kuni Oʻzbekistonda har yili oʻtkaziladigan V Yevropa harakatlanish haftaligi doirasida “Avtomobilsiz kun” boʻlib oʻtadi.

Afisha.uz xabariga koʻra, bu yilgi haftalikning “Energiyani tejash” mavzusi barqaror shahar harakatini ragʻbatlantirishda energiya samaradorligining roli muhimligiga qaratilgan. Yevropa Ittifoqining ushbu tashabbusi 39 mamlakatning 2000 dan ortiq shaharlarini qamrab olgan.

“Energiyani tejash va iqlim oʻzgarishiga qarshi kurashish, energiya xavfsizligini taʼminlash va jamoa farovonligini oshirish uchun muhim ahamiyatga ega. Oʻzbekiston transport infratuzilmasida energiya samaradorligi muhim rol oʻynashini tan olish barqaror shahar harakatlanishiga yoʻl ochadi. Biz birgalikda yashil va adolatli kelajak sari intilyapmiz”, — dedi Yevropa Ittifoqining Oʻzbekistondagi delegatsiyasi rahbari Sharlotta Adrian.

Mazkur kunda aholiga ekologik toza transport vositalarida harakatlanish, jumladan piyoda yurish, velosiped va metrodan foydalanish tavsiya etiladi.

Maʼlumot uchun, hukumatning 2020-yildagi qarori bilan rahbarlarga ishga kelib-ketishda avtomobillardan foydalanmaslik tavsiya etilgan. Bundan tashqari, 2021-yildan boshlab 22-sentabr kuni “Avtomobilsiz kun” sifatida eʼlon qilingan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//