“Notoʻgʻri talqin qilinmoqda”. Bosh vazir matbuot kotibi — Rossiyaning Oʻzbekistonda maktab qurish taklifi haqida

Saqlash
15:28 / 19.09.2023 1393 0

Oʻzbekiston Bosh vaziri matbuot kotibi Bekzod Hidoyatov Rossiya bosh vaziri Mixail Mishustinning Oʻzbekistonda maktab qurib berish taklifi internetda notoʻgʻri talqin qilinayotganini aytdi.

18-sentabr kuni Rossiya bosh vaziri Mixail Mishustin Oʻzbekiston va Rossiya hukumat rahbarlari darajasidagi qoʻshma komissiya yigʻilishida Rossiya oʻzbek tomoni manfaatdor boʻlsa, Oʻzbekistonda Rossiya dasturlari boʻyicha rus tilida taʼlim beriladigan bir nechta maktablar qurishga tayyorligini maʼlum qilgan edi.

Bunga javoban Oʻzbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov: “Rus tilidagi maktablar qurish boʻyicha takliflarni katta minnatdorchilik bilan qabul qilamiz”, — dedi.

Oʻzbekiston jamoatchiligi esa bu taklifni iliq qarshi olmadi. Xususan, taʼlim eksperti Komil Jalilov Oʻzbekistonning “Taʼlim toʻgʻrisida”gi qonuniga koʻra, Oʻzbekistondagi taʼlim tashkilotlarida Oʻzbekiston davlat taʼlim standartlarini va (yoki) davlat taʼlim talablarini bajarish majburiy ekanini qayd etdi. Rossiya oʻquv dasturlariga Ukrainaga qarshi tajovuzkorligini oqlovchi darslar va mavzular kiritilgan, umuman, maktab taʼlimi propagandaning bir qismiga aylangan.

“Davlatlar oʻrtasidagi oʻzaro rasmiy kelishuvlarga asosan, bir davlat hisobidan boshqa davlat hududida maktab va shunga oʻxshash ijtimoiy obyektlar qurish anʼanasi jahon tajribasida mavjud. Bu oʻzaro ijtimoiy yordam sifatida tasniflanadi”, — deya taʼkidladi Bekzod Hidoyatov.

“Xorijiy mamlakatlar tomonidan qurib beriladigan maktablarning taʼlim dasturlari dastlab soha mutaxassislari tomonidan milliy urf-odat, qadriyat va anʼanalarimiz, tariximiz, amaldagi qonun- hujjatlarimiz, mavjud taʼlim standartlarimiz nuqtai nazaridan chuqur oʻrganib chiqiladi”, — deya qayd etdi matbuot kotibi.

U ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilaridan asoslanmagan maʼlumotlarni tarqatmasliklarini soʻragan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//