AQSH 2023-yil uchun grin karta berishni yakunladi

Saqlash
23:11 / 07.09.2023 1932 0

AQSH hukumati 2023-yil uchun grin karta berishni yakunladi. Bu haqda AQSH elchixonasi axborot xizmati xabar berdi.

Unga koʻra, AQSH hukumati joriy 2023-yilgi DV dasturi uchun belgilangan barcha immigratsion vizalarni taqdim etdi. Sentabr oyining qolgan kunlariga belgilangan DV dasturi boʻyicha suhbatlar butun dunyo boʻylab, jumladan, Oʻzbekistonda ham bekor qilindi.

DV-2023 dasturi boʻyicha viza uchun suhbatdan oʻtgan, ammo viza olmagan DV murojaatchilari viza olish huquqiga ega emas.

Bir kun avval AQSHning Oʻzbekistondagi elchixonasi “Turli millatga mansub immigrantlar vizasi”ning joriy yilgi mavsumi yaqin orada tugashi mumkinligi haqida ogohlantirgandi. Elchixonaning konsullik boʻlimi jami 3100 dan ortiq grin karta murojaatchilari bilan suhbat oʻtkazdi, deyiladi xabarda.

Ushbu dastur boʻyicha viza olishga ulgurmaganlar oktabr oyi boshida qaytadan ariza topshirishlari kerak boʻladi.
 

“2023-yilgi dasturning yakunlangani viza ololmaganlarning hafsalasini pir qilishi mumkinligini tushunib turibmiz. Biz immigratsiya darajasi past boʻlgan mamlakatlardan odamlarning Qoʻshma Shtatlarga kelishlarini osonlashtirish tarafdorimiz va xilma-xillikning jamiyatimizga qoʻshayotgan muhim hissasini hamda AQSH iqtisodiyotiga taʼsirini tan olamiz”, — deyiladi AQSH diplomatik missiyasi xabarida.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//