Madaniyat
Oʻzbekiston madaniyati va sanʼati ogʻir judolikka uchradi. Oʻzbekiston xalq artisti Sherali Joʻrayev 77 yoshida vafot etdi.
Sherali Joʻrayev 1947-yili Asakada tugʻilgan. 1972-yili Toshkent teatr va rassomlik sanʼati institutini, 1976-yili Mannon Uygʻur nomidagi Toshkent davlat sanʼat institutini tamomlagan. Talabalik yillaridayoq shirali ovozi bilan yosh-u qarini birdek oʻziga maftun etgan.
Hofiz yuzlab qoʻshiqlari bilan millionlab insonlar koʻngliga kirib borgan, nozik taʼb va katta isteʼdodi bilan sheʼr va musiqa uygʻunligiga erisholgan. Ayniqsa, “Bahor ayyomi” (Zahiriddin Muhammad Bobur sheʼri), “Birinchi muhabbatim” (Abdulla Oripov sheʼri), “Oʻzbegim”, “Inson qasidasi” (Erkin Vohidov sheʼri), “Karvon” (Usmon Azim sheʼri), “Avvalgilarga oʻxshamas” (Alisher Navoiy gʻazaliga Omon Matjon muxammasi) qoʻshiqlari butun mamlakat boʻylab har bir xonadonda yangraydi, desak yanglishmagan boʻlamiz.
Sanʼatkorning qoʻshiqlari xalqchilligi, mushohadali, falsafiy mazmunga boyligi, benazir jozibasi va teran insoniy dardi bilan ajralib turadi. Repertuari koʻp qirrali va rang-barang. Qoʻshiqlari asosini Sharq mumtoz adabiyoti namoyandalari (Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Jaloliddin Rumiy, Abdurahmon Jomiy, Hofiz Sheroziy, Boborahim Mashrab, Muhammadrizo Ogahiy…) va zamonaviy she’riyat vakillari (Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Rasul Hamzatov…) ijodidan namunalar tashkil etadi.
Sherali Joʻrayev nafaqat sanʼatkor, balki bastakor ham edi. Ko‘pgina qoʻshiqlari kuyini oʻzi bastalagan va deyarli barchasi xalqimiz orasida mashhurlikka erishgan. “Birinchi muhabbatim”, “Oʻzbegim”, “Karvon”, “Achchiq haqiqat”, “Yaralgan”, “Oshiqlar sardori”, “Inson qasidasi” shular jumlasidan. Xalqimizni tarannum etuvchi “Oʻzbegim” qoʻshigʻi “World Music Network” 2005-yili chiqargan “Oʻrta Osiyo musiqasi boʻyicha umumiy qoʻllanma” albomiga kiritilgan.
Sherali Joʻrayevga 1987-yili Oʻzbekiston xalq artisti, 2018-yili esa Tojikiston xalq artisti unvoni berilgan. 1991-yili Alisher Navoiy nomidagi Davlat mukofotiga munosib koʻrilgan. 2022-yilning 12-aprelida esa “El-yurt hurmati” ordeni bilan taqdirlangan.
Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi elimizning chinakamiga sevimli hofizi, oʻz maktabi va ovoziga ega san’atkor Sherali Joʻrayevning vafoti munosabati bilan oila a’zolariga, barcha yaqinlariga va muxlislariga chuqur hamdardlik bildiradi.
Siyosat
Jahon
Ilm-fan
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
1 Izoh
Sher
03:09 / 05.09.2023
Haqiqiy ijodkor edi, ilm bilan san'at qilgan hofiz edi. O'rni ko'o'o'p bilinadi hali.