Navro‘z munosabati bilan O‘zbekiston Prezidentiga bir qator davlat rahbarlari tabrik yo‘lladi

Saqlash
19:23 / 21.03.2026 15 0

Navro‘zi bayrami munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nomiga samimiy tabriklar kelmoqda.

 

Ularda yurtimizning ko‘p millatli xalqiga tinchlik-osoyishtalik, farovonlik va ravnaq tilaklari bildirilgan. Jumladan:

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti 

Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

Hurmatli Shavkat Miromonovich!

 

Bahorgi uyg‘onish ramzi bo‘lgan Navro‘z bayrami munosabati bilan samimiy tabriklarimni qabul qilgaysiz.

 

Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlar yuksak darajaga chiqqan. Strategik sheriklik va ittifoqchiligimizni bundan buyon ham do‘st xalqlarimiz farovonligi, Markaziy Osiyo mintaqasida xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlash yo‘lida faol rivojlantiramiz deb ishonaman.

 

Ushbu qutlug‘ ayyomda Sizga mustahkam sog‘liq va muvaffaqiyatlar, barcha hamyurtlaringizga esa baxt-saodat hamda farovonlik tilayman.

 

Hurmat bilan,

Vladimir Putin, 

Rossiya Federatsiyasi Prezidenti

***

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti 

Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

Hurmatli Prezident janoblari!

 

Oy taqvimi bo‘yicha Yangi yil munosabati bilan yo‘llagan tabrigingiz uchun Sizga samimiy minnatdorlik bildirishga ijozat bergaysiz. Xitoy hukumati va xalqi nomidan Sizni, hukumatingizni va O‘zbekiston xalqini an’anaviy bayramingiz – Navro‘z kirib kelishi munosabati bilan chin dildan qutlayman.

 

Men Xitoy – O‘zbekiston munosabatlarini rivojlantirishga alohida e’tibor qarataman. O‘tgan yili biz Siz bilan ikki marta uchrashib, turli sohalardagi hamkorlikni chuqurlashtirish bo‘yicha muhim kelishuvlarga erishdik. Bu yangi davrdagi Xitoy va O‘zbekiston o‘rtasidagi barcha sharoitda har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini yangi rivojlanish bosqichiga olib chiqdi.

 

Men strategik o‘zaro ishonch va an’anaviy do‘stlikni doimiy ravishda mustahkamlash, umumiy taqdirga ega Xitoy – O‘zbekiston hamjamiyatini qurishni chuqurlashtirish va amaliy darajaga ko‘tarish uchun har tomonlama hamkorlikni kengaytirish borasida Siz bilan birgalikda ishlashga tayyorman.

 

Sizga mustahkam sog‘liq va faoliyatingizda muvaffaqiyatlar tilayman.

 

Si Szinpin, 

Xitoy Xalq Respublikasi Raisi

***

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti 

Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

Assalomu alaykum va rahmatullohi va barokatuhu.

 

Navro‘z bayrami munosabati bilan Siz Janobi Oliylariga eng samimiy tabriklar va ezgu tilaklarni izhor etishdan xursandmiz. Sizga sihat-salomatlik, birodar O‘zbekiston Respublikasi hukumati va xalqiga bardavom taraqqiyot va farovonlik tilaymiz.

 

Siz Janobi Oliylariga salomlarimiz va ehtiromlarimizni qabul qilgaysiz.

 

Salmon bin Abdulaziz Ol Saud,

Saudiya Arabistoni Podshohi

***

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti 

Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

Assalomu alaykum va rahmatullohi va barokatuhu.

 

Navro‘z bayrami munosabati bilan Siz Janobi Oliylariga eng samimiy tabrik va tilaklarimni izhor etishdan xursandman.

 

Sizga sihat-salomatlik, baxt-u saodat, qardosh O‘zbekiston Respublikasi hukumati va xalqiga bardavom yuksalish va farovonlik tilayman.

 

Siz Janobi Oliylariga salomlarim va ehtiromlarimni qabul qilgaysiz.

 

Muhammad bin Salmon bin Abdulaziz Ol Saud,

Saudiya Arabistoni Valiahdi, Vazirlar Mahkamasi Raisi 

***

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

Aziz qardoshim!

 

Har yil tabiat uyg‘onishining timsoli bo‘lgan Navro‘z bayrami munosabati bilan Siz Janobi Oliylariga va qardosh O‘zbekiston xalqiga xalqim va shaxsan o‘z nomimdan eng samimiy tabriklarimni izhor etaman.

 

Ildizlari uzoq o‘tmishga borib taqaladigan qadim Navro‘z an’anamiz bashariyatga umid va barokat xushxabarini bermoqda. Mushtarak madaniyat makonimizda nishonlanadigan mazkur bayramda do‘stlik va qardoshlik rishtalarimizning yanada mustahkamlanishini tilayman.

 

Navro‘z hozirda ehtiyojimiz bo‘lgan tinchlik, murosa va hamkorlikka bo‘lgan umidlarni uchqunlatishi – eng katta orzumiz va tilagimizdir.

 

Bayram munosabati bilan Siz Janobi Oliylariga, oilangizga sog‘liq va baxt-saodat, qardosh O‘zbekiston xalqiga omonlik va farovonlikka to‘la kelajak tilayman.

 

Rejep Tayyip Erdog‘an,

Turkiya Respublikasi Prezidenti 

 ***

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

Hurmatli Shavkat Miromonovich!

 

Sizga va qardosh O‘zbekiston xalqiga Navro‘z bayrami munosabati bilan samimiy tabriklarim hamda eng ezgu tilaklarimni qabul qilgaysiz.

 

Yangilanish, bunyodkorlik va farovonlikni o‘zida mujassam etgan ushbu muqaddas bayram yuksak qadriyatlarga intiluvchi butun insoniyat hayotida alohida o‘rin tutadi. Qutlug‘ bahor ayyomi Navro‘z qardosh xalqlarimizga iliqlik, mo‘l-ko‘lchilik, quvonch va farovonlik olib kelsin.

 

Birgalikdagi sa’y-harakatlarimiz tufayli mustahkam do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilikka asoslangan Qozog‘iston – O‘zbekiston strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari bundan buyon ham xalqlarimiz farovonligi yo‘lida jadal rivojlanib borishiga ishonaman.

 

Hurmatli Shavkat Miromonovich, ushbu fursatdan foydalanib, O‘zbekiston ravnaqi yo‘lidagi faoliyatingizda muvaffaqiyatlar, mamlakat xalqiga esa farovonlik va to‘kinlik tilayman.

 

Xalq baxtli-saodatli yashasin, farovonlik esa to‘kin va mo‘l bo‘lsin!

 

Qosim-Jomart Toqayev,

Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti

***

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

Hurmatli Shavkat Miromonovich!

 

Navro‘z bayrami bilan Sizni va butun qardosh O‘zbekiston xalqini chin dildan tabriklayman.

 

Bu yorqin va quvonchli bayram bahorda tabiat uyg‘onishi, birlik va do‘stlik, tinchlik va farovonlik ramzidir. Ushbu ayyom xalqlarimizni bog‘laydigan ko‘p asrlik do‘stlik va mehr-oqibat an’analarini o‘zida mujassam etib, umumiy tarixga asoslangan qardoshlik munosabatlarini mustahkamlaydi.

 

O‘zaro hurmat, ishonch va strategik sheriklikka asoslangan barcha darajalardagi hamkorligimiz bundan buyon ham birgalikdagi sa’y-harakatlar asosida davom etib, xalqlarimiz kelajagi porloq bo‘lishini ta’minlashga hissa qo‘shishiga ishonchim komil.

 

Hurmatli Shavkat Miromonovich!

 

Sizga sihat-salomatlik va davlatchilik faoliyatingizda muvaffaqiyatlar, qardosh o‘zbek xalqiga esa tinchlik va taraqqiyot tilayman.

 

Hurmat bilan,

Sadir Japarov,

Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti

***

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

Muhtaram Shavkat Miromonovich!

 

Xalqaro Navro‘z bayrami munosabati bilan eng ezgu va samimiy tilaklarga yo‘g‘rilgan qutlovlarimizni qabul qilgaysiz.

 

Qadimiy tarixga ega ushbu bayram madaniy meros va ko‘p asrlik an’analarimiz mushtarakligi ifodasi sifatida uni nishonlaydigan xalqlar o‘rtasidagi aloqalarni tinchlik va xavfsizlik, yaxshi qo‘shnichilik, o‘zaro hurmat va qo‘llab-quvvatlash g‘oyalari asosida mustahkamlashda muhim rol o‘ynaydi.

 

Navro‘zning boqiy bunyodkorlik an’analari bizni xalqlarimiz va mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik rishtalari hamda o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada mustahkamlash yo‘lida tinimsiz sa’y-harakat qilishga undaydi.

 

Tojikiston tomoni O‘zbekiston bilan strategik sheriklik va ittifoqchilik doirasidagi davlatlararo munosabatlarning bugungi darajasidan mamnun.

 

Ishonchim komil, mamlakatlarimiz ushbu qadimiy bayramning yuksak umuminsoniy qadriyatlariga tayangan holda, ko‘p qirrali munosabatlarni mazmunan boyitish yo‘lida bundan buyon ham birgalikda harakat qiladilar.

 

Ushbu qutlug‘ kunlarda Sizga mustahkam sog‘liq va mas’uliyatli davlatchilik faoliyatingizda yangi zafarlar, mamlakatingizning qardosh xalqiga esa baxt-saodat, farovonlik, tinchlik va barqarorlik, izchil taraqqiyot va ravnaq tilayman.

 

Navro‘z muborak!

 

Chuqur hurmat bilan,

Emomali Rahmon,

Tojikiston Respublikasi Prezidenti

***

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

Hurmatli Shavkat Miromonovich!

 

Xalqaro Navro‘z bayrami munosabati bilan Sizga va Siz orqali qardosh O‘zbekiston xalqiga samimiy tabriklarim va eng ezgu tilaklarimni yo‘llayman!

 

Dunyoning ko‘plab mamlakatlarida keng nishonlanadigan ushbu go‘zal bayram bahorning boshlanishi va tabiatning uyg‘onishini anglatadi. Navro‘z bayrami turli xalqlar va madaniyatlar o‘rtasidagi yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlashda muhim o‘rin tutadi. Ushbu yorqin bayram umid ramzi bo‘lib, bugungi dunyoda insonparvarlik tuyg‘ularini mustahkamlashga undaydi.

 

Ushbu ajoyib bayram Siz va butun mamlakatingiz xalqi uchun baxt, quvonch va yangi muvaffaqiyatlar olib kelsin!

 

Chuqur hurmat bilan,

Serdar Berdimuhamedov,

Turkmaniston Prezidenti

***

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

Hurmatli Shavkat Miromonovich!

 

Xalqaro Navro‘z bayrami munosabati bilan Sizga samimiy tabriklarim va eng ezgu tilaklarimni yo‘llayman.

 

Navro‘z hayotga muhabbat va yaxshi kelajakka ishonchning mustahkamlanishi ramzidir. Ushbu bayram ko‘p asrlar davomida xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik va hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qilib kelmoqda.

 

Ushbu qutlug‘ ayyom Siz va butun mamlakatingiz xalqi uchun tinchlik, quvonch va yangi tashabbuslar bilan nishonlansin. Sizga mustahkam sog‘liq, baxt-saodat va mas’uliyatli davlatchilik faoliyatingizda yangi muvaffaqiyatlar tilayman.

 

Chuqur hurmat ila,

Gurbanguli Berdimuhamedov,

Turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi

***

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

Hurmatli Shavkat Miromonovich!,

 

Aziz qardoshim!

 

Sizga va qardosh O‘zbekiston xalqiga buyuk ajdodlarimizdan qolgan Navro‘z bayrami munosabati bilan shaxsan o‘z nomimdan va Ozarbayjon xalqi nomidan samimiy tabriklarimni yo‘llash menga katta mamnuniyat bag‘ishlaydi.

 

Bahor kelganidan darak beruvchi, tabiatga mehr, ruhiy poklik va yangilanish shodiyonasi bo‘lmish ushbu milliy bayram qardosh xalqlarimizga farovonlik, baxt va fayz-u baraka olib kelishini tilayman.

 

Biz do‘stlik va birodarlikning ajoyib namunasi bo‘lgan Ozarbayjon – O‘zbekiston munosabatlarining kun sayin rivojlanayotgani hamda ittifoqimizning mustahkamlanayotganidan juda mamnunmiz. Ishonchim komilki, umumiy kelib chiqish, tarix va madaniyat rishtalari bilan bog‘langan qardosh O‘zbekiston bilan keng ko‘lamli munosabatlarimizni davlatlarimiz manfaatlari va xalqlarimiz farovonligi yo‘lida yanada chuqurlashtirish bo‘yicha birgalikdagi sa’y-harakatlarimizni davom ettiramiz.

 

Ushbu fayzli kunlarda Sizga va oilangiz a’zolariga mustahkam sog‘liq va baxt-saodat, qardosh O‘zbekiston Respublikasi va uning xalqi ravnaqi yo‘lidagi faoliyatingizda muvaffaqiyatlar tilayman.

 

Hurmat bilan,

Ilhom Aliyev,

Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti

***

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

Hurmatli Shavkat Miromonovich!

 

Sizni odamlar qalbini samimiylik, quvonch, baxt va porloq kelajakka umid bilan to‘ldiruvchi Navro‘z bilan chin qalbimdan tabriklayman.

 

Ushbu bayramga xos o‘zaro hurmat va konstruktiv hamkorlik g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlagan holda, Belarus O‘zbekiston bilan do‘stlik va sheriklik munosabatlarini izchil mustahkamlab bormoqda. Davlatlararo muloqot va amaliy hamkorlikni rivojlantirish bundan buyon ham fuqarolarimiz manfaatlariga xizmat qilishi va Yevroosiyoda barqarorlikni ta’minlashga hissa qo‘shishiga ishonaman. 

 

Hurmatli Shavkat Miromonovich, ushbu muborak kunda Sizga mustahkam sog‘liq, mas’uliyatli faoliyatingizda tuganmas kuch-g‘ayrat va muvaffaqiyatlar, do‘st o‘zbek xalqiga esa tinchlik va totuvlik tilayman.

 

Hurmat bilan,

Aleksandr Lukashenko,

Belarus Respublikasi Prezidenti

***

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

 

Janobi Oliylari!

 

Pokiston xalqi va hukumati nomidan, shuningdek, shaxsan o‘z nomimdan Siz, Janobi Oliylarini, yaqinlaringizni va qardosh O‘zbekiston xalqini Navro‘z va Ramazon hayiti bilan samimiy muborakbod etaman va eng ezgu tilaklarimni izhor etaman.

 

Navro‘z va Ramazon hayiti umuminsoniy qadriyatlar – tinchlik, mehr-oqibat, hamjihatlik va shukronalikni o‘zida mujassam etadi. Ushbu quvonchli voqealar xalqlar o‘rtasidagi totuvlik, o‘zaro hurmat va hamkorlikka bo‘lgan umumiy intilishimizni yangilash imkonini beradi.

 

Siz, Janobi Oliylarining joriy yil fevral oyida Pokistonga amalga oshirgan tarixiy tashrifingizni mamnuniyat bilan eslayman, yaqin kunlarda ikki tomonlama aloqalarimizni yanada mustahkamlash uchun oliy darajadagi almashinuvlarni davom ettirishimizni intiqlik bilan kutaman.

 

Fursatdan foydalanib, Siz, Janobi Oliylariga mustahkam sog‘liq va farovonlik, qardosh O‘zbekiston xalqiga esa bardavom tinchlik, taraqqiyot va ravnaq tilayman.

 

Janobi Oliylari, Sizga bo‘lgan yuksak ehtiromimni qabul qilgaysiz.

 

Shahboz Sharif,

Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri

 

Shuningdek, quyidagilar o‘z qutlovlarini yo‘llagan:

Qozog‘iston Respublikasining birinchi Prezidenti Nursulton Nazarboyev,

 

Birlashgan Arab Amirliklari Bosh vaziri o‘rinbosari, ichki ishlar vaziri Shayx Sayf bin Zoid Ol Nahayon,

 

Falastin Davlati Prezidenti Mahmud Abbos,

 

Tatariston Respublikasi Raisi Rustam Minnixanov,

 

Shanxay hamkorlik tashkiloti bosh kotibi Nurlan Yermekbayev,

 

Turkiy davlatlar tashkiloti bosh kotibi Kubanichbek Omuraliyev,

 

Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi a’zo davlatlari Parlamentlararo assambleyasi bosh kotibi Dmitriy Kobiskiy, 

 

Shanxay hamkorlik tashkilotining Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi Ijroiya qo‘mitasi direktori Ularbek Sharsheyev,

 

Rus pravoslav cherkovi Toshkent va O‘zbekiston yeparxiyasi mitropoliti, O‘rta Osiyo mitropoliya okrugi rahbari Vikentiy.

 

Qutlovlar kelishi davom etmoqda.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//