Bu xuddi Markesning “Oshkora qotillik qissasi”ga oʻxshaydi – Xushnudbek Xudoyberdiyev Temurbeklar maktabi bitiruvchilariga beriladigan imtiyoz haqida

Saqlash
17:08 / 22.08.2023 1645 0

Bloger, huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiyev Temurbeklar maktabi bitiruvchilariga berilgan imtiyozni tanqid qildi va buni qizlarni kamsitish deb atadi.

 

Blogerga koʻra, mandat natijalari chiqqach, Temurbeklar maktabi bitiruvchilariga beriladigan qoʻshimcha ball tarzidagi imtiyoz naqadar adolatsizlik ekanligi yana bir bor oʻz isbotini topgan.

 

“Masalan, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining Xalqaro munosabatlar yoʻnalishida davlat granti uchun oʻtish bali 205,2 ballni tashkil etgan. Natijada oʻz kuchi bilan, hech qanday imtiyozsiz 189 ball olgan bir necha abituriyent kontraktga kirgan. Tasavvur qilyapsizmi, ular barcha savollarga 100% toʻgʻri javob bergan, toʻplash mumkin boʻlgan maksimal ballni toʻplashgan, qoʻlidan keladigan hamma ishni qilgan. Ammo...

 

Ammo bizning “oʻta aqlli” masʼullarimiz oʻylab topgan oʻta ADOLATSIZ imtiyoz natijasida davlat byudjetidan eng zoʻr sharoitlar bilan taʼminlab qoʻyilgan maktabning bitiruvchilari GARCHI PAST BALL olgan boʻlsa ham, oʻsha maksimal ball olganlardan yuqoriga chiqib, davlat granti uchun ajratilgan barcha oʻrinni band qilishgan.

 

189 ball bilan kontraktga kirgan abituriyentlarning 3 nafari qiz bolalar (yuqoridagi suratlarda ularning natijasi). Qizlarni kontraktda oʻqitish bizda nimani anglatishni juda yaxshi bilasizlar. Nega endi ular shunchaki qiz bolaligi uchun MAKSIMAL ball toʻplasa ham kontraktda oʻqishi kerak? Uning aybi qiz bolaligidami?”, deya yozmoqda u.

 

 

 

 

 

189 ball toʻplaganlarga Prezident granti beriladi va ular byudjetda oʻqisa-da, bu muammoning yechimi emasligini bildirgan.

 

“Unda 187,9 ball toʻplagan qizlar-chi? Ular majburiy fandan atigi 1 tagina xato qilgan va endi 4 yil kontraktda oʻqishi kerak. Bechora qizlar, xato qilishga haqqi yoʻq qizlar...

 

Avvalgi eʼtirozlarga ham hech kim hech qanaqa munosabat bildirmagandi, bunisiga ham shunaqa boʻlsa kerak. Bu xuddi Markesning “Oshkora qotillik qissasi”ga oʻxshaydi. Hamma adolatsizlikni koʻrib, bilib turibdi, ammo hamma koʻrmaganga oladi, birov indamaydi”, deya fikrini yakunlagan bloger.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish