Madaniyat
Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik institutida saqlanayotgan Mavlono kulliyoti UNESCOning madaniy meros roʻyxatiga kiritildi. Bu haqida institut telegram kanalida maʼlum qilindi.
Qayd etilishicha, Milliy arxivda saqlanayotgan Buxoro amirligi qushbegi hujjatlari ham ushbu roʻyxatdan joy olgan.
Mavlono kulliyoti – XIII asrda yashagan buyuk soʻfiylardan biri hisoblangan shoir, faylasuf, olim va ilohiyotchi Mavlono Jaloliddin Rumiy asarlarining toʻliq toʻplami. Oʻzbekiston va Bolgariya, Germaniya, Eron, Tojikiston va Turkiya tomonidan taqdim etilgan. Kulliyot faylasufning toʻliq asarlarini oʻz ichiga oladi. Mavlononing barcha asarlari fors tilida yozilgan, biroq ularning baʼzilarida arab, turk va yunon iboralari ham mavjud. Ular dunyo boʻylab minglab qoʻlyozma nusxalari bilan koʻplab tillarga tarjima qilingan. Bu asarlar Sharq mamlakatlari xalqlari tarixi va madaniyatini oʻrganish nuqtai nazaridan juda katta ilmiy ahamiyatga ega.
Buxoro amirligining qushbegi maʼmuriyati arxivlari toʻplami Markaziy Osiyo hukmdorlarining Buxorodagi eng yirik arxivlari yigʻindisidir. Unda hozirgi Oʻzbekiston, Turkmaniston, Tojikiston, qisman Afgʻoniston hududida 200 yildan ortiq vaqt davomida sodir boʻlgan tarixiy voqealar aks etgan hujjatlar oʻrin olgan. Arxivda Buxoro amirligining Rossiya, Buyuk Britaniya, Turkiya, Eron, Afgʻoniston, Yaponiya, AQSh, hamda Xiva va Qoʻqon xonliklari bilan diplomatiya aloqalari haqida ham muhim maʼlumotlar bor. Hozirgi paytda Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy davlat arxivida saqlanayotgan toʻplam arab, fors, oʻzbek chigʻatoyi, rus va boshqa tillarda yozilgan 9,5 mingga yaqin jilddan (200 mingga yaqin alohida hujjat) iborat.
Jamiyat
Jahon
Jamiyat
Jamiyat
Jahon
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q