Bronxial astma, angina va pnevmoniyani qanday farqlash mumkin?

Saqlash
10:08 / 29.11.2021 1546 0

Bugun oramizda anginasi ogʻrisa ham, virusga chalindim, deya xavotirlanib, shifokorga murojaat qilayotganlar yoʻq emas. Baʼzan esa odatiy kasalliklar bilan koronavirus infeksiyasini ajratish ham mushkuldek tuyulmoqda. Ularni qanday farqlash mumkinligi haqida Sogʻliqni saqlash vazirligi Matbuot xizmati xabar berdi.

 

«Bronxial astma, angina va pnevmoniyaning oʻxshash tomoni shundaki, uch holatda ham yoʻtal va isitma kuzatiladi. Bronxial astma — bu surunkali infeksion, yaʼni allergik kasallik boʻlib, nafas yoʻllarining siqilishi bilan kechadi. Bemorda ilk klinik belgilar – yoʻtal, tomoq qichishi, havo yetishmaslik belgilari kuzatiladi. Ogʻir holatlarda esa nafas siqishi mumkin.

 

Yoʻtal va nafas siqishi, asosan, tunda bezovta qiladi. Kasallik koʻpincha oʻtkir hidli qoʻzgʻatuvchilar, ovqatdan keyingi allergik reaksiyalar, yuqumli virusli infeksiyalar va boshqa holatlardan keyin xuruj qiladi. Xastalikning kuchaygan shakli faqatgina statsionar sharoitda davolanadi», - deydi Respublika ixtisoslashtirilgan ftiziatriya va pulmonologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi bosh shifokori Nodir Sotvoldiyev.

Shuningdek, pnevmoniya — bu oʻtkir virus-bakterial qoʻzgʻatuvchilar sababli rivojlanuvchi respirator kasallik boʻlib, oʻpka toʻqimasi maʼlum qismlarining yalligʻlanishi hisoblanadi. Kasallik tana haroratining koʻtarilishi, tumov, quruq yoʻtal kabi belgilar bilan boshlanishi mumkin.

 

Angina esa oʻtkir virus-bakterial etiologiyali yuqumli kasallik hisoblanadi. Xastalik bemorda tana harorati 38-39 darajagacha koʻtarilishi, yutinishga qiynalish, tomoq va tanadagi kuchli ogʻriqlar bilan boshlanishi mumkin. Ushbu kasalliklar barcha yoshdagi aholi orasida uchraydi.

 

Shifokorga koʻra, angina oʻtkir infeksion kasallik boʻlgani uchun uni mikroblar qoʻzgʻatadi. Mikroblar halqumga aksariyat hollarda bu kasallikka chalingan bemor foydalangan uy-roʻzgʻor buyumlaridan tushadi. Koʻpincha, halqumda boʻladigan va odatda, kasallik qoʻzgʻatmaydigan mikroblar ayrim noxush omillar taʼsirida, masalan, kishi sovqotganda yoki harorat oʻzgarganda kasallik qoʻzgʻatishi mumkin.

 

Baʼzan oyoqning hoʻl boʻlishi, muzqaymoq yeyish, sovuq suv ichish, muzdek suvda choʻmilish va boshqa hollarda angina bilan ogʻrish kuzatiladi. Halqumga muntazam tushib turadigan tutun, chang, spirtli ichimliklar, shuningdek, burun orqali nafas olishni qiyinlashtiradigan adenoidlar va burun-halqumning boshqa kasalliklari anginaga sabab boʻlishi mumkin.

Burun va yondosh boʻshliqlarining yalligʻlanishi hamda ogʻiz boʻshligʻidagi yiringli yalligʻlanishlar ham anginaga sabab boʻladi. Kasallik toʻsatdan boshlanadi. Bemorda madorsizlik, bosh ogʻrigʻi, tomoq qaqrab ogʻrishi, achishishi, yutinganda ogʻriq kuzatiladi. Kasallik bilan tez-tez ogʻrish natijasida murtak bezlari surunkali yalligʻlanadigan boʻlib qoladi.

 

Bronxial astma yuzaga kelishining asosiy sabablaridan biri allergenlar hisoblanadi. Allergenlar toʻrt asosiy guruhga boʻlinadi: oziq-ovqatlarda uchrovchi; uy-roʻzgʻor buyumlarida uchrovchi allergenlar; epidermal allergenlar (uy hayvonlarining yungi va ularning hayot faoliyati jarayonidagi mahsulotlarida uchraydigan), oʻsimlik allergenlari.

 

Sovuq havo, virusli infeksiya, jismoniy zoʻriqish, ruhiy tushkunlik, oʻtkir hidlar — bular allergen hisoblanmaydi. Ammo shunday boʻlsada, ular astma xurujini keltirib chiqarishi mumkin. Bronxial astma bilan ogʻrigan bemorda sezgirlik kuchli boʻladi.

 

Hatto, oddiy koʻringan kir yuvish kukunidan foydalanish ham astma xurujining kelib chiqishi uchun yetarli asos boʻladi. Xastalik kelib chiqish sabablari orasida nasliy moyillik ham bor. Ushbu belgilarga koʻra, bu uch kasallikni ajratib olish mumkin.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//