Buxoro viloyatini rivojlantirish imkoniyatlari muhokama qilindi

Saqlash
18:14 / 11.08.2023 1799 0

Romitan tumanida 10-avgust kuni Buxoro viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalari boʻyicha yigʻilish boʻlib oʻtdi.

 

Yigʻilish boshida Buxoro viloyatidagi yangi sanoat, xizmat koʻrsatish va ijtimoiy soha majmualarini ishga tushirish marosimi boʻldi. Bular – Vobkent tumanidagi “Vobkent tola klaster”, Qorakoʻl tumanidagi “Qorakoʻl kumush kalava”, Qorovulbozor tumanidagi “Buxoro real moto”, Buxoro shahridagi “Ekvatorial chodak”, Kogon shahridagi “Konchi” va “Prom tekstil”, Gʻijduvon va Peshku tumanlaridagi yogʻ-moy korxonalari, Buxoro shahridagi mehmonxona va Buxoro tumanidagi tibbiyot birlashmasidir.

 

Davlat rahbari ramziy tugmani bosib, ushbu majmualarni ishga tushirdi.

 

Shundan soʻng Buxoro viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish choralari, bu borada yil yakuniga qadar amalga oshirilishi lozim boʻlgan asosiy vazifalar muhokama qilindi.

 

Avvalo, iqtisodiy koʻrsatkichlar qayd etilib, qoʻshimcha imkoniyatlar koʻrsatib oʻtildi.

 

Joriy yilning olti oyida Buxoroda sanoat 5,3 foizga oʻsgan. Jami eksport 124 million dollarni tashkil etgan. Shu davrda 250 million dollar toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalar jalb qilingan boʻlib, oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 1,5 baravarga oshgan. Lekin ayrim shahar va tumanlarda bu koʻrsatkichlar tushgan.

 

Yil yakuniga qadar 858 ta loyiha ishga tushirilib, 15 mingta ish oʻrni yaratilishi aytib oʻtildi. Umuman, 250 ming aholini band qilish zarur.

 

Sanoatda importni 150 million dollarga qisqartirib, eksportni 400 million dollarga yetkazish vazifasi belgilandi. Viloyatning turizm salohiyatini toʻliq ishga solib, 25 ming aholi bandligi va 300 million dollar eksport tushumini bemalol taʼminlash mumkinligi taʼkidlandi.

 

Yigʻilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan viloyat, shahar va tumanlar hokimlarining hisoboti eshitildi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//