“Cold Out” dori vositasi atrofida tarqalgan xabarlarga munosabat bildirildi

Saqlash
03:33 / 10.08.2023 1132 0

Ijtimoiy tarmoqlarda JSST tomonidan Hindistonda ishlab chiqarilgan “Cold Out” yo‘tal va shamollashga qarshi zaharli sirop xavfidan ogohlantirish xabarlari tarqalishi yuzasidan Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi munosabat bildirdi.

 

Ma’lum qilinishicha, Cold Out” siropi “Fourrts Laboratories” (Hindiston) tomonidan “Dabilife Pharma” uchun ishlab chiqarilgan va uning tarkibida toksinlar mavjud. Hindiston Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, mazkur dori vositasi Iroqda o‘tkazilgan alohida sinovlarda muvaffaqiyatsizlikka uchragach, erkin savdodan qaytarib olingan.

 

Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi Hindistonning “Fourrts Laboratories” tomonidan ishlab chiqarilgan mazkur dori vositasi O‘zbekiston Respublikasida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmaganligini ma’lum qilib, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan xabarlar yuzasidan yurtdoshlarimiz xavotirga tushmasliklarini bildirgan.

 

Shuningdek, markaz munosabatida “Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq, dori vositalarining, tibbiy buyumlarning va tibbiy texnikaning tibbiyot amaliyotida qo‘llanilishiga, qoida tariqasida, ular davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgandan keyin ruxsat etilishi eslatiladi.

 

Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi ma’lumotiga ko‘ra, 2023-yil fevral oyidan boshlab, yurtimizda ishlab chiqarilayotgan va mamlakatimizga kirib kelayotgan sirob shakldagi dori vositalari tarkibi dietilenglikol (DEG) va etilenglikol (EG) zaharli moddalari bo‘yicha chuqur tekshiriladi va bu borada Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan qat’iy nazorat o‘rnatilgan.

 

 

“Oyina.uz”ning Telegram'dagi rasmiy kanaliga obuna bo‘ling!


 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//