Prezident mustaqillikning 32 yilligini nishonlash toʻgʻrisidagi qarorni imzoladi

Saqlash
05:17 / 31.07.2023 3963 0

Prezident Shavkat Mirziyoyev “Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining oʻttiz ikki yillik bayramiga tayyorgarlik koʻrish va uni yuqori saviyada oʻtkazish toʻgʻrisida”gi qarorni imzoladi

 

Qarorda keltirilishicha, aynan 1991-yil 31-avgust kuni xalq oʻz vatani, taqdiri va kelajagiga oʻzi egalik qilish huquqini qoʻlga kiritgan. Dunyo xaritasida Oʻzbekiston Respublikasi – yangi suveren va mustaqil davlat paydo boʻlgan.

 

Yangi Oʻzbekistonning bugungi taraqqiyot darajasi, shonu shuhratiga mos holda munosib kutib olish va yuksak saviyada nishonlash maqsadida:

 

• Oʻzbekiston davlat mustaqilligining oʻttiz ikki yillik bayramiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish boʻyicha respublika komissiyasining tarkibi;

 

• “Yangi hayot uchun, Yangi Oʻzbekiston uchun!” degan bosh gʻoyani oʻzida mujassam etgan tashkiliy-amaliy, maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar hamda targʻibot-tashviqot ishlari dasturi tasdiqlandi.

 

Respublika komissiyasi (A. Aripov):

 

• Dasturda nazarda tutilgan chora-tadbirlarning samarali bajarilishi hamda Mustaqillik bayramining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar markazlari va Toshkent shahrida, shuningdek, barcha shahar va tumanlar, qishloq va ovullarda nishonlanishini taʼminlaydi;

 

• barcha hududlarda aholining keng qatlamlari oʻrtasida Mustaqillik bayramiga bagʻishlangan maʼnaviy-maʼrifiy anjumanlar, “uch avlod uchrashuvi” tadbirlari, ochiq muloqot va suhbatlar, adabiy-badiiy kechalar, milliy kino kunlari, gastronomik festivallar, sayillar, madaniyat va sport tadbirlarini samarali oʻtkazish maqsadida atoqli ilm-fan namoyandalari, madaniyat va sanʼat arboblari, taniqli sportchilardan iborat targʻibot guruhlarini tashkil etsin hamda ularning aniq reja asosida faoliyat olib borishini taʼminlaydi;

 

• belgilangan chora-tadbirlarning amalga oshirilishi yuzasidan har bir hudud, vazirlik va idora rahbarlarining hisobotlarini oʻz yigʻilishlarida muntazam ravishda eshitib boradi.

 

Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida oʻtkaziladigan bayram dasturlarini tayyorlashga yuqori professional mahorat va tajribaga ega boʻlgan ssenarist va rejissyorlar, yozuvchi va shoirlar, bastakor va baletmeysterlar, sahna rassomlari, isteʼdodli yosh ijrochilar, maqom va baxshichilik sanʼati vakillaridan iborat ijodiy guruhlar keng jalb etiladi.

 

Joylarda Mustaqillik bayramini yurtdoshlarning talab va istaklari asosida, bugungi davr ruhiga hamohang tarzda nishonlash maqsadida quyidagi masalalarga alohida eʼtibor qaratiladi:

 

• yangilangan Konstitutsiya mazmun-mohiyati va “Oʻzbekiston—2030” strategiyasining asosiy ustuvor yoʻnalishlari doirasida belgilangan tub islohotlar haqida mahallalar, taʼlim va mehnat jamoalarida maʼrifiy uchrashuv va suhbatlar oʻtkazish;

 

• soʻnggi yillarda respublika iqtisodiyotining barcha tarmoqlarini rivojlantirish boʻyicha amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar va bu borada erishilayotgan natijalarni aniq misollar asosida keng yoritish;
“Har bir kun – bu imkoniyat, har bir kun – bu kelajak uchun poydevor” degan hayotiy shiorning mohiyati va ahamiyatini ochib berish;

 

• sogʻliqni saqlash, ilm-fan, madaniyat va sanʼat, sport sohalarini rivojlantirish, nuroniylar, xotin-qizlar va yoshlarga doimiy eʼtibor va gʻamxoʻrlik koʻrsatish, oila, onalik va bolalikni himoya qilish boʻyicha amalga oshirilayotgan ijtimoiy dasturlarga alohida eʼtibor qaratish;

 

• mamlakatda turli millat va diniy konfessiyalar vakillari oʻrtasida doʻstlik va totuvlik muhitini yanada mustahkamlash, jamiyatda tinch va osoyishta hayotni taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan ishlarning mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka yetkazish;

 

• Vatan mustaqilligi, uning xavfsizligi va hududiy yaxlitligining ishonchli kafolati boʻlgan Oʻzbekiston Qurolli Kuchlarining harbiy jangovar qudratini oshirish va maʼnaviy salohiyatini yuksaltirish, “Xalq va armiya – bir tanu bir jondir!” tamoyilini roʻyobga chiqarish maqsadida amalga oshirilayotgan ishlarni keng targʻib etish;

 

• Mustaqillik bayrami munosabati bilan Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va faxriylari, mehnat faxriylari, nuroniy otaxon va onaxonlarimiz, “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”, “temir daftar”, “ayollar daftari”, “yoshlar daftari”, “mehr daftari”ga kiritilgan hamda eʼtibor va koʻmakka muhtoj insonlarning holidan xabar olish, ularga moddiy va maʼnaviy yordam berish bilan bogʻliq xayriya tadbirlarini amalga oshirish.

 

Madaniyat vazirligi (O.Nazarbekov):

 

• Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi bilan birgalikda bir hafta muddatda Toshkent shahrida Mustaqillik bayramiga bagʻishlab oʻtkaziladigan teatrlashtirilgan konsert tomoshasining dasturi va ssenariysini ishlab chiqsin hamda mazkur konsert tomoshasini yuksak gʻoyaviy-badiiy saviyada tayyorlash choralarini koʻradi;

 

• Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Oʻzbekiston Jurnalistlar uyushmasi bilan birgalikda “Ona diyor ranglar jilosida”, “Vatan uchun yashaylik!”, “Eng ulugʻ, eng aziz” kabi anʼanaviy koʻrik-tanlovlarni yuqori darajada oʻtkazishni taʼminlaydi;

 

• Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Oʻzbekiston kompozitorlari va bastakorlari uyushmasi bilan birgalikda yurtimiz istiqlolini tarannum etuvchi eng yaxshi qoʻshiq va musiqa asarlari tanlovining yakuniy bosqichini oʻtkazadi;

 

• mazkur tanlovlarning gʻolib va sovrindorlarini Mustaqillik bayrami arafasida eʼlon qilish va tantanali ravishda taqdirlash choralarini koʻradi.

 

Belgilab qoʻyilishicha, oʻtkaziladigan bayram tadbirlari:

 

• Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda – tegishli mahalliy byudjetlarning qoʻshimcha manbalari hamda jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari hisobidan;

 

• Toshkent shahrida – Respublika komissiyasi tomonidan tasdiqlangan xarajatlar smetasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi respublika byudjeti va Toshkent shahar mahalliy byudjeti mablagʻlari hisobidan teng ulushlarda moliyalashtiriladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//