Oʻzbekistonliklar guruch tanqisligiga uchrashi mumkinmi? Vazirlik izoh berdi

Saqlash
03:25 / 26.07.2023 1494 0

Hindiston Oʻzbekiston va boshqa davlatlarga guruch eksportini taqiqlagani haqida xabarlar tarqaldi. Eksportning toʻxtatilishi mamlakatda guruch defitsitiga olib kelishi va ushbu mahsulot narxi qimmatlashishi mumkinligi haqidagi prognozlar shuv-shuvlarga sabab boʻldi. Qishloq xoʻjaligi vazirligi bunga munosabat bildirdi.

 

Vazirlik taqdim etgan statistikaga koʻra, Oʻzbekistonda har yili 100 ming gektardan ortiq maydonda sholi yetishtiriladi. Respublika aholisining guruchga nisbatan bir yillik ehtiyoji esa kishi boshiga 9,8 kilogrammga toʻgʻri keladi. Yaʼni mamlakat aholisini bir yil davomida guruch bilan toʻliq taʼminlash uchun 353 ming tonna sholi zaxirasi kerak boʻladi.

 

Oʻzbekiston hududida 2022-yilda 105,8 ming gektar maydonga 516,9 ming tonna sholi ekilib, undan 310 ming tonna sof hosil olingan. Yaʼni, oʻtgan yili ehtiyojga nisbatan 43 ming tonna kam guruch yetishtirilgan (2021-yilga nisbatan esa 48 ming tonnaga koʻproq).

 

Tahlillarga koʻra, 2022-yilda respublikaga xorij mamlakatlaridan 8 ming tonna guruch olib kelingan boʻlsa, 2023-yilda 53,5 ming tonna mahsulot import qilingan. Bunda 2023-yilda ichki ehtiyojga nisbatan 10 ming tonna koʻproq guruch keltirilgan.

 

Import guruchning eng katta qismi Qozogʻistondan sotib olingan – 29,3 ming tonna yoki 54,7 foiz. Shuningdek, Pokistondan 23,2 ming tonna (43,3 foiz), Tailanddan 599 tonna (1,1 foiz), Turkiyadan 256 tonna (0,5 foiz), Hindistondan 126 tonna (0,2 foiz) va boshqa mamlakatlardan 21,1 tonna (0,02 foiz) import qilingan.

 

Vazirlikka koʻra, Hindistonning boshqa davlatlarga guruch eksportini taqiqlashi Oʻzbekiston bozoriga hech qanday salbiy taʼsir koʻrsatmaydi.

 

Maʼlumot uchun, Hindiston guruch eksporti boʻyicha dunyoda birinchi oʻrinda turadi. Jahon umumiy eksportining 36,8 foiz ulushi uning hissasiga toʻgʻri keladi. Hindiston guruchining asosiy importchilari Afrika davlatlari (7,1 million tonna), Xitoy (2,1 million tonna), Eron (1,2 million tonna), Saudiya Arabistoni (1 million tonna) va boshqa davlatlardir.

 

Jahon bozorida 2023-yilning iyun oyi holatiga koʻra, guruchning oʻrtacha narxi 1,93 AQSH dollarini (22 364 soʻm), eng pasti 0,52 AQSH dollarini (6 025 soʻm) (Tunis), maksimal narxi esa 4,84 AQSH dollarini (56 086 soʻm) (Serbiya) tashkil etadi.

 

Bugungi kunda Oʻzbekiston bozorlarida 1 kilogramm guruchning narxi naviga qarab 11 500 soʻmdan 25 000 soʻmgacha sotilmoqda (oʻtgan yilning mos davriga nisbatan narx 35,2 foizga oshgan).

 

Jumladan, “Avangard” guruch navi 11 500 – 17 500 soʻm , “Alanga” navi 16 000 – 18 500 soʻm, “Lazer” navi 19 500 – 25 000 soʻmgacha sotilmoqda.

 

Shuningdek, kuzatuv natijalariga koʻra, Nukus shahridagi “Nukus dehqon bozori” va Guliston shahridagi “Guliston dehqon bozori” (“Nukus-2” va boshqa mahalliy sholi navlari)da guruchning eng past narxi 11500 soʻm miqdorida qayd etilgan. Maksimal narx esa Toshkent shahrining “Farhod dehqon bozori”da kuzatilib, unda 25 000 soʻmdan (“Lazer” navli guruch) sotilgan. Shu bilan birga, ushbu bozorda guruchning minimal narxi 13 000 soʻmni tashkil qilgan.

 

Taʼkidlanishicha, Oʻzbekistondagi barcha bozorlar guruch bilan uzluksiz taʼminlangan, zaxiralar yetarli miqdorda.

 

“Aholini turli ijtimoiy tarmoqlarda guruch narxining oshib ketishi asossiz targʻib qilinishidan ogoh boʻlishga, bu faqatgina spekulyativ holat yoki guruch narxini asossiz oshirishga qaratilgan harakatlarni amalga oshirishga turtki boʻlayotganini maʼlum qilamiz”, deyiladi Qishloq xoʻjaligi vazirligi xabarida.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//