Favvoralarda choʻmilish salomatlik uchun xavflimi? Mutaxassis javob berdi

Saqlash
19:56 / 14.07.2023 1675 0

Jazirama zabtiga olgan shu kunlarda choʻmilish havzalari juda gavjum. Hatto shahar-u tuman markazlarida yon-atrofga salqinlik taratib turgan baʼzi favvoralar hovuzlarida ham bolajonlarni uchratyapmiz.

Ammo shifokorlar bunday havzalarda choʻmilish salomatlik uchun zararli, degan xulosada. Sanitariya-epidemiologiya qoʻmitasi boʻlim boshligʻi Dilorom Tursunova favvoralarda choʻmilish uchun moʻljallanmaganini maʼlum qildi.
 

“Favvoralar — havoni namlantirib turish va yon-atrofga estetik koʻrk bagʻishlash maqsadida barpo etiladi. Bunday obyektlar suvi basseynlar singari tez-tez almashtirilmaydi va zararsizlantirilmaydi. Shu bois issiqda ularda mikroorganizmlar tez va oson koʻpayadi”, — deydi shifokor.
 

 

Buning oqibatda favvorada choʻmilish oʻtkir virusli ichak infeksiyalari, gepatit (A, E), ichburugʻ, ich-terlama, lyamblioz kabi xavfli kasalliklar kelib chiqishiga sabab boʻladi.
 

“Qolaversa, bunday havzalarga turli kommunikatsiya va yoritish moslamalari oʻrnatilgan boʻlishi mumkin. Bu esa suv ostidagi konstruksiyalarga qoqilib, jarohat olish xavfini oshiradi.

Yana bir omil: fontanlar — qushlar, it va mushuklar hamda boshqa jonivorlar chanqogʻini qondirishi, choʻmilishi, shoʻngʻishi uchun ochiq hamda qulay manba. Bu esa mazkur havzalarga turli lichinkalar tushishiga olib keladi”, — deb qoʻshimcha qilgan Dilorom Tursunova.
 

 

Agar shunday ifloslangan suvga bolalar, ayniqsa, badanida turli yara va jarohatlari bor oʻgʻil-qizlar tushsa, teri kasalliklarini keltirib chiqaruvchi stafilokokk, streptokokk, enteroviruslar va boshqa parazit hamda mikroblarni yuqtirib olishi oson.

Bunday muhit burun, ogʻiz va quloq shilliq qavatlari yalligʻlanishiga ham olib kelishi ehtimoli mavjud. Oʻz navbatida, yomgʻir suvi favvoralarga qoʻshilishi ular tarkibida zararli kimyoviy aralashmalar paydo boʻlishiga olib kelishini unutmaslik kerak.

 

Ayni sababdan, avvalo, taqiqlangan, ifloslangan, tekshirilmagan va notanish suv havzalariga tushmaslikni tavsiya etiladi.

 

Agar ochiq havzalarda choʻmilish vaqtida va undan keyin holsizlik, koʻngil aynishi, qusish, tana harorati koʻtarilishi, ich ketishi, qorin dam boʻlishi kabi alomatlar yuzaga kelsa, darhol shifokorga murojaat qilish lozim.

 

Oyina.uz'ni Telegramda oʻqing!

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//