Prezident Oʻzbekiston yoshlariga tabrik yoʻlladi (toʻliq matn)

Saqlash
23:03 / 30.06.2023 2360 0

30-iyun – Oʻzbekiston yoshlari kuni munosabati bilan Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tabrik yoʻlladi.

 

Qadrli oʻgʻil-qizlarim!

 

Avvalo, siz, azizlarni, sizlarning timsolingizda butun Oʻzbekiston yoshlarini mamlakatimizda keng nishonlanayotgan qutlugʻ ayyom – Yoshlar kuni bilan chin qalbimdan muborakbod etaman.

 

Ushbu bayramni sizlar bilan birgalikda katta shodu xurramlik bilan oʻtkazayotgan ota-onalaringiz, ustoz-murabbiylaringizni, koʻpmillatli butun xalqimizni samimiy qutlab, barchangizga oʻzimning yuksak hurmat-ehtiromim va ezgu tilaklarimni bildiraman.

 

Albatta, mana shunday quvonchli ayyomda yurtimiz kelajagi, umid va ishonchimiz ramzi boʻlgan azmu shijoatli farzandlarimiz timsolida Vatanimiz naqadar ulkan imkoniyatlarga ega ekanini yanada chuqur his etamiz.

 

Bugungi kunda maktab, kollej, texnikum va oliygohlarda bilim olayotgan, oʻz shaxsiy ishini ochib, tadbirkorlik bilan shugʻullanayotgan, Qurolli Kuchlarimiz saflarida yigitlik burchini sharaf bilan ado etayotgan, ishlab chiqarish, qurilish, ilm-fan, taʼlim, tibbiyot, madaniyat, adabiyot va sanʼat, sport sohalariga, zamonaviy IT-texnologiyalari yoʻnalishlariga dadil kirib borayotgan, katta orzu-umidlar bilan yashayotgan 18 milliondan ziyod oʻgʻil-qizlarimiz – bizning bebaho boyligimiz, oltin zaxiramizdir.

 

“Yangi Oʻzbekiston bunyodkori boʻlaman!”, “Uchinchi Renessans poydevorini yaratishga munosib hissa qoʻshaman!”, degan yuksak maqsadlar farzandlarimiz qalbidan chuqur joy olib, ularning hayoti va faoliyati mazmuniga aylanib borayotgani bilan har qancha faxrlansak, arziydi.

 

Aziz yoshlar!

 

Navqiron avlodimizning huquq va manfaatlarini taʼminlash, oʻgʻil-qizlarimizning bilim olishi, mehnat qilishi, oʻz qobiliyat va isteʼdodini roʻyobga chiqarishi uchun barcha sharoitlarni yaratish soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda davlat siyosati darajasiga koʻtarilgani va bu borada ulkan ishlar amalga oshirilayotgani sizlarga yaxshi maʼlum, albatta.

 

Oʻtgan qisqa davrda ushbu yoʻnalishda 100 dan ortiq qonun hujjatlari qabul qilinib, izchil amalga oshirilayotgani buni yaqqol tasdiqlaydi. Ayniqsa, yangilangan Konstitutsiyamizda yosh avlodning huquq va manfaatlari aniq moddalar bilan muhrlab qoʻyilgani, hech shubhasiz, bu boradagi huquqiy bazani yanada kengaytirish, amaliy ishlarimizni yangi bosqichga koʻtarish imkonini bermoqda.

 

Shu oʻrinda yangi tahrirdagi Asosiy qonunimiz loyihasini muhokama etish va umumxalq referendumi orqali qabul qilishda yoshlarimiz alohida faollik koʻrsatganini minnatdorlik bilan taʼkidlab oʻtmoqchiman. Bu esa oʻgʻil-qizlarimizning Vatanimiz taqdiri va kelajagiga yuksak daxldorlik tuygʻusi bilan yashayotgani, mamlakatimizdagi siyosiy-ijtimoiy jarayonlarga yangicha ruh va mazmun olib kirayotganidan dalolat beradi.

 

Ayni paytda bunday faol munosabat butun xalqimiz qatori yoshlarimiz bilan ham doimiy muloqotni yoʻlga qoʻyib, fikr va istaklarini eshitayotganimiz, barcha dastur va rejalarimizni amalga oshirishda oʻgʻil-qizlarimizni keng jalb etib, ularga ishonch bildirayotganimiz natijasi, desak, toʻgʻri boʻladi.

 

Shu maʼnoda, oʻtgan davrda yoshlar bilan ishlash boʻyicha mutlaqo yangi – vertikal boshqaruv tizimi yaratildi.

 

Yurtimizdagi barcha mahallalarda yoshlar yetakchisi lavozimi joriy etilib, bu vazifaga tashkilotchilik qobiliyatiga ega, tashabbuskor yigit-qizlar tanlab olindi. Mahallada bu tizim orqali yoshlarga 100 dan ortiq imkoniyatlar yaratildi.

 

“Yoshlar daftari” tizimi yoʻlga qoʻyilib, soʻnggi ikki yilda 798 ming nafarga yaqin yoshlarga qariyb 1 trillion soʻmlik yordamlar koʻrsatildi. Jumladan, 53 ming nafar ehtiyojmand oilaga mansub talabaga oʻqish uchun kontrakt pullari toʻlab berildi.

 

Oliy taʼlim muassasalari soni salkam uch marta koʻpayib, 210 taga, qamrov darajasi esa 9 foizdan 38 foizga yetgani zamonaviy ilm va kasb sohalarini egallashda oʻgʻil-qizlarimiz uchun yangi imkoniyatlar ochmoqda.

 

Oxirgi uch yilning oʻzida 250 ming nafar yoshga 6 trillion soʻmdan ziyod imtiyozli kreditlar ajratildi. Mamlakatimiz boʻyicha 210 ta “Yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalari” tashkil etilib, 4 trillion soʻmlik 2,5 mingta loyiha amalga oshirildi. Natijada, yosh tadbirkorlar soni 2 karra koʻpayib, 200 mingdan oshdi.

 

Biz nafaqat yoshlarimiz, balki butun jamiyatimiz hayotini tubdan oʻzgartirishga xizmat qilayotgan ana shunday ezgu ishlarimizni bundan buyon ham izchil davom ettiramiz. Shu borada yoshlarimizni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, siz, azizlarning salohiyat va iqtidoringizni rivojlantirish va roʻyobga chiqarish uchun imkoniyat va sharoitlarni yanada kengaytiramiz.

 

Qadrli oʻgʻil-qizlarim!

 

Yurtimiz yoshlari yaratilayotgan imkoniyatlardan unumli foydalanib, turli sohalarda dastlabki umidbaxsh natijalarni qoʻlga kiritayotgani albatta barchamizni xursand qiladi.

 

Oʻzbekistonlik oʻquvchilar oʻtgan yili xalqaro fan olimpiadalarida 7 ta oltin, 36 ta kumush va 38 ta bronza medalini qoʻlga kiritdilar.

 

Yosh sportchilarimiz esa xalqaro musobaqalarda muvaffaqiyatli ishtirok etib, bu yil 247 ta oltin, 119 ta kumush, 110 ta bronza medal sohibiga aylandilar.

 

Keyingi yillarda Vatanimiz ravnaqiga munosib hissa qoʻshib kelayotgan ana shunday yoshlarning 758 nafari davlat mukofotlariga sazovor boʻldilar.

 

Albatta, biz aziz farzandlarimizning orzu-intilishlari, ilgʻor gʻoya va tashabbuslarini roʻyobga chiqarish boʻyicha boshlagan ishlarimizni davom ettirib, ularni yangi, yanada yuksak bosqichga olib chiqamiz.

 

Ishonchim komil, jonajon Vatanimizga mehr va sadoqat bilan yashayotgan, ilm-fan va kasb-hunarlarni puxta egallab, hozirgi murakkab zamondagi keskin raqobatga tayyor boʻlib voyaga yetayotgan yoshlarimiz har qanday baland marrani egallashga qodir.

 

Siz, azizlarni bugungi yoshlik, baxt va nafosat ayyomi bilan yana bir bor chin dildan tabriklab, barchangizga sihat-salomatlik, ulkan yutuq va omadlar tilayman.

 

Hech qachon unutmang, gʻalaba va baxt – astoydil intilganniki!

 

Sizlarning yutugʻingiz – bu butun el-yurtimizning yutugʻi.

 

Xalqimiz sizlarga ishonadi, sizlarga tayanadi sizlardan kuch-gʻayrat, ruh va ilhom oladi.

 

Oʻz oldingizga ulugʻ maqsadlar qoʻyib yashashdan aslo charchamang!

 

Yangi Oʻzbekistonni albatta sizlar bilan, butun mamlakatimiz yoshlari bilan birga barpo etamiz.

 

Barchangizga bayram muborak boʻlsin, qadrli oʻgʻil-qizlarim!

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//