Tabiatning morze alifbosi, ijtimoiy qo‘rquv va yo‘qolayotgan oqsоqollar – “Ma’naviy hayot” jurnalining yangi sonida nimalarni o‘qiymiz?

Saqlash
15:12 / 27.06.2023 3288 0

“Jo‘ja tuxumdan chiqishi uchun ichkaridan teshishi kerak. Agar tuxum tashqaridan teshilsa, jo‘ja o‘lib qoladi. Hamma narsa ichkaridan yetilib keladi. Bu axloq, adabiyot birinchi o‘rinda turishi kerak degani... Adabiyot rivojlanmaydi. Agar rivojlanganida edi, Navoiyni inkor qilgan bo‘lardik. Lekin har bir davrning o‘z cho‘qqilari bo‘ladi. Xo‘sh, qanday asarlar bizgacha yetib keldi? O‘zagida axloq bo‘lgan, insonning kamoliga xizmat qiladigan cho‘qqilar qolyapti. Boshqa hammasi yo‘qlikka mahkum.”  Uch avlod vakillari tomonidan o‘tmish, bugun va kelajak orasidagi insoniyat topish va yo‘qotishlari haqida mulohaza yuritilgan “Oqsoqollar qayerda” davra suhbatining to‘liq matni bilan “Ma’naviy hayot” jurnalining 2023-yil 2-sonida tanishing.

 

“Hazratim ilmni diniy va dunyoviyga emas, foydali va foydasizga ajratardi. Bugun biz dunyoviy deb mezonga solayotgan ilmlarni u kishi doim muhim hisoblagan. Jamiyatni ilmli qilishda ayollarning o‘rni beqiyosligini doim ta’kidlagan. qaysi sohada bo‘lmasin, o‘qigan qizlarni ko‘rsa juda quvonardi. boisi, hazrat uchun eng asosiy o‘lchov o‘qish bo‘lib, kimnidir maqtasa ham, koyisa ham “o‘qigan” yo “o‘qimagan” sifatini berardi.” Jurnalning “Otalar va qizlar” ruknida Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf haqida qizi – Odinaxon Muhammad Sodiqning xotiralari “Hazratimni shunday eslayman” sarlavhasi ostida e’lon qilingan.

 

“Ba’zan vatan va vatanparvarlik haqida davralarda balandparvoz, soxta gaplarni to‘tiqushday qaytarayotgan ayrim kimsalarni ko‘rganimda, birovning to‘yiga borib, bir so‘m to‘yona qilmaydigan, lekin yeb-ichib, mast bo‘lib, tan bilan jonni to‘yona qilish haqidagi qo‘shiqni qayta-qayta ayttirib, hammani bezor qiladigan o‘sha odam esimga tushadi.” “Megapolisdan Himolay cho‘qqisigacha yoxud aql va nodonlik qilko‘prigida” maqolasida vatansizlik, olomonchilik, didsizlik kabi asr muammosiga aylanayotgan illitlar haqida so‘z boradi.

 

Jurnalning keyingi sahifalarida “Ijtimoiy qo‘rquv”, “Sezarga qaraganda u sevishga arzigulikdir”, “Uch o‘zan birlashganda”, “O‘zbek o‘z qahramonlarini tanisin” maqolalari, “Munosib xonadonga munosiblik” xotiralari, “Teatr – yolg‘on san’atmi?” nafis majlisi, “Tomirlarim yoxud oilamiz tarixidan ikki lavha” hikoyasini o‘qishingiz mumkin. Shuningdek, “Tilsimlangan ismlar”, “Elshunos akademik”, “Xalq yuragiga muhrlangan shaxslar”, “Qaltis savollarga nozik javoblar” haqida so‘z boradi.

 

Jurnalning mazkur soniga  “Har bir xalq ulkan daraxtga o‘xshaydi. Uning ildizlari naqadar teran bo‘lsa, qaddi-basti ham shunga yarasha ulug‘ bo‘ladi. Ma’naviyat xalqning ana shunday o‘q tomiridir. Bu ildizlardan suv ichgan avlod aslo kam bo‘lmaydi. Ko‘zlagan murodiga shu quvvat bilan yetadi.” hikmati xulosa yasagan. Biz uni “Ma’naviy hayot” jurnalini mutolaa qilishga da’vat o‘rnida keltirdik.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//