Odam jinni bo‘lib qolishi mumkin – Jenizbek Piyazov Ozodbek Nazarbekovning tashabbusiga qarshi ekanligini ma’lum qildi

Saqlash
22:13 / 26.06.2023 4445 0

Bundan 2 yil muqaddam Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat va turizm vaziri Ozodbek Nazarbekov maktabgacha taʼlim muassasalarida har kuni maqom va milliy kuylar qoʻyish taklifi bilan chiqqan edi. Ushbu taklif ijtimoiy tarmoqlarda keskin muhokamalarga sabab boʻlgan edi. 

 

Taklif haqida

 

Taklif loyiha sifatida shakllantirilgan. Ushbu loyiha Madaniyat va Maktabgacha taʼlim vazirligi oʻrtasida imzolangan memorandum asosida amalga oshirilishi lozim edi.

 

Madaniyat vazirligi maktabgacha taʼlim muassasalari uchun maqom kuylaridan saralangan maxsus musiqiy toʻplam yaratgan. Biroq 2 yildirki ushbu masala vazirlik tomonidan qayta koʻtarilmadi. 

 

Piyazovning mavzuga aloqadorligi

 

Oʻzbekiston va Qoraqalpogʻiston Respublikasi Xalq artisti Jenisbek Piyazov 2022-yil yanvar oyida Maktabgacha taʼlim sohasida madaniyat va sanʼatni rivojlantirish maqsadida jamoatchilik asosida vazir maslahatchisi etib tayinlangan. U hozirda ham Maktabgacha taʼlim agentligi direktorining maslahatchisi hisoblanadi. 

 

Shu bois sanʼatkor agentlikning Jamoatchilik kengashi huzuridagi vakillari bilan birgalikda tizimda amalga oshirilgan ishlar va kelgusidagi rejalar haqida ochiq muloqotida ishtirok etdi.

 

Piyazov Nazarbekovga qarshi 

 

Ochiq muloqot davomida Oyina.uz muxbiri Shaxnoza Toʻramurodova Jenizbek Piyazovdan 2 yil avvalgi loyihaning amalga oshish yoki oshmasligi xususida soʻradi. Direktor maslahatchisi jarayondan bexabar ekanligi, u ham taklif haqida avvalroq eshitganini maʼlum qildi. 

 

“Biz koʻp millatli xalqmiz. Maqomni targʻib qilish boʻyicha hurmatli vazirimizning takliflarini eshitganman. Maslahatchi sifatida emas ijodkor sifatida bu fikrga u qadar qoʻshilmayman, qarshiman. Chunki janrlar juda ham koʻp. Bolalarga qanaqa janr yoqishini hech kim bilmaydi. 

 

Soʻnggi yillarda YouTubeʻlar chiqib ketganidan keyin turli musiqalar va yomon axborotlar bolalarga taʼsir qilmoqda. Shuning uchun ularga yaxshi musiqalar eshittirish kerak. Nafaqat maqom, balki klassik musiqalar ham tinglashi mumkin.

 

Misol uchun mening oʻgʻillarim bir-biri bilan tortishadi. Biri Motsartni yoqtirsa, biri Bethovenni yoqtiradi. Balki ularga maqom eshittirsa, yanada boshqacha boʻlar edi. Lekin bitta maqomni har kuni qoʻyish psixologiyaga juda ham qattiq taʼsir qiladi, menimcha. Odamni jinni qilish uchun nemislar har kuni bitta musiqa qoʻyishgan ekan, eshitishimcha. Har kuni bir xil musiqa eshitgan odam jinni boʻlib qolgan ekan. Shuning uchun janrni koʻpaytirish kerak. Demokratik Respublikada yashab turgan shaxs sifatida hamma oʻzini erkidagi qoʻshiqni eshitishi kerak deb hisoblayman”, dedi Piyazov.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//