Qozogʻistonda kuchli oʻrmon yongʻinlarida 14 kishi halok boʻldi. 12-iyun mamlakatda motam kuni deb eʼlon qilindi

Saqlash
15:34 / 12.06.2023 1075 0

Qozogʻistonning Abay viloyatida sodir boʻlgan oʻrmon yongʻinida halok boʻlganlar xotirasi uchun 12-iyun mamlakatda umummilliy motam kuni deb eʼlon qilindi.

 

Qozogʻiston prezidenti Qosim-Joʻmart Toʻqayev “Semey oʻrmoni” qoʻriqxonasidagi keng koʻlamli yongʻin oqibatida halok boʻlgan oʻrmon xoʻjaligi xodimlarining oila aʼzolari bilan uchrashdi. Prezident ularga hamdardlik bildirib, mamlakatda motam kunini eʼlon qilgan.

 

“Bu yerga hamdardlik bildirish uchun keldim. Bu butun xalqimiz uchun katta fojia. Ushbu qiyin daqiqada kuchli boʻling. Qaygʻuyingizga sherikman. Hukumatga sizga har tomonlama yordam berishni topshirdim, xoh moddiy boʻlsin, xoh boshqa turdagi. Hukumatga va shaxsan menga murojaatlar boʻlsa, gapiring, iltimos, murojaatlaringizni bildiring. Ularning barchasini, albatta, biz qoniqtiramiz. Albatta, afsuski, oʻliklarni qaytarib boʻlmaydi, lekin hayot davom etmoqda. Lekin bir narsani aniq aytmoqchiman, bu fojiaga aybdor boʻlganlar qonun doirasida javobgarlikka tortiladi. 12-iyun kunini umumxalq motam kuni deb eʼlon qilaman. Biz siz bilan birga qaygʻuramiz, vafot etganlarni yod etamiz. Sizdan kuchli va xotirjam boʻlishingizni soʻrayman. Huquqni muhofaza qiluvchi idoralarmi, vazirliklarmi, barcha sohalarda tegishli choralar koʻriladi. Biz bu voqeani, albatta oʻrganamiz”, – deydi Toʻqayev.

 

 

Qayd etilishicha, prezident tomonidan Favqulodda vaziyatlar vaziri ishdan chetlatilgan. Oʻrmon yongʻinlari oqibatida jami 14 kishi halok boʻlgan.

 

Maʼlumotlarga koʻra, yongʻin payshanba kuni chaqmoq urishi bilan boshlangan. Shanba kuni berilgan maʼlumotlarga koʻra, oʻrmonning 60 ming gektardan ortiq hududi alanga ichida qolgan. Yongʻinni oʻchirish ishlariga mingdan ortiq kishi jalb etilgan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//