Toshkentda konditsionerni yoqmasdan harakatlangan avtobus haydovchisi jazolandi

Saqlash
17:42 / 08.06.2023 1102 0

7-iyun kuni Toshkent shahrida konditsionerni yoqmasdan harakatlanib, yoʻlovchilar eʼtiroziga sabab boʻlgan avtobus haydovchisi jazolandi.

 

“Toshshahartransxizmat” aksiyadorlik jamiyati matbuot xizmatining xabar berishicha, oʻsha kuni soat 10:12 atrofida 12-Avtobus saroyi filiali tasarrufidagi 59-sonli yoʻnalish haydovchisi Olim Zokirov boshqaruvidagi avtobusning sovitish tizimi (konditsioner)ni yoqmagan holda harakatlangan. “Sergeli 7-mavze” bekatida yoʻlovchilar eʼtirozidan soʻng konditsionerni yoqqan.

 

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoda avtobusdagi yosh bola issiqdan koʻngli aynib, qayt qilib yuborgani, yoʻlovchilar urishib berishganidan soʻng konditsioner yoqilgani aytilgan.

 

Holat yuzasidan “Toshshahartransxizmat” hamda 12-Avtobus saroyi filiali masʼul xodimlari yoʻlovchilar noroziligiga sabab boʻlgan haydovchi bilan tushuntirish ishlari olib borgan. Haydovchiga nisbatan belgilangan tartibda intizomiy jazo chorasi koʻrilishi belgilangan.

 

Qayd etilishicha, korxona ichki tartib qoidasiga binoan, haydovchilar avtobus salonida sovitish tizimini soat 8:00 dan 19:00 ga qadar yoqqan holda harakatlanishlari belgilangan.

 

“Toshshahartransxizmat” yoʻlovchilardan yuqoridagi kabi holatlar kuzatilgan taqdirda 1062 ishonch raqamiga murojaat qilishni soʻradi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//