O‘zbekistonda iyun oyida ob-havo qanday bo‘lishi e’lon qilindi

Saqlash
20:46 / 01.06.2023 1325 0

O‘zgidromet yozning birinchi oyi uchun O‘zbekistonda kutilayotgan ob-havoning dastlabki prognozini e’lon qildi.

 

“Deyarli har yili aholi orasida va hatto ba’zi OAVda yaqinlashib kelayotgan yoz fasli anomal (g‘ayritabiiy) issiq, barcha kuzatuv yillari uchun eng issiq bo‘ladi degan ma’lumotlar paydo bo‘ladi. Shu bilan birga, ba’zi xayoliy harorat qiymatlari aytiladi, ular odatda bu hudud uchun umuman to‘g‘ri kelmaydi”, — deyiladi xabarda.

 

Ta’kidlanishicha, bunday ma’lumotlar odatda hech qanday ilmiy asosga ega emas. Meteorologiya fani bir vaqtning o‘zida bir necha oy oldingi harorat fonini prognoz qila olmaydi.

 

Bu yilda iyun oyi o‘rtacha issiq ob-havo bilan boshlanadi. Oyning eng boshida havo harorati +34…+37 daraja atrofida bo‘ladi. Ikkinchi besh kunlikda harorat +37…+40 darajagacha, janubda va cho‘l hududlarda +40…+43 darajagacha ko‘tariladi va bunday harorat ikkinchi o‘n kunlik boshigacha saqlanib turadi.

 

Birinchi o‘n kunlik davomida O‘zbekiston hududining katta qismida quruq ob-havo bo‘lishi kutilmoqda, faqat tog‘li hududlarda ayrim kunlarda mahalliy momaqaldiroqli yomg‘irlar yog‘ishi mumkin. Oyning ikkinchi va uchinchi o‘n kunliklarida issiq qisqa muddatga biroz kuchsizlanish davrlari bilan harorat asosan +36…+39 daraja, respublikaning shimolida, janubida va cho‘l hududlarida +42 daraja atrofida bo‘ladi.

 

“Umuman olganda, iyun oyi me’yordan 2−3 darajaga iliqroq bo‘ladi. Ayrim kunlarda ba’zi joylarda biroz qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi mumkin, iyun oyidagi yog‘ingarchilik miqdori me’yordan kam bo‘lishi kutilmoqda. Iyul va avgust oylari uchun ob-havo prognozlari faqat ehtimollik shaklida tuzilishi mumkin — bu uzoq muddatli prognozlarga eng to‘g‘ri va aniq yondashuvdir”, — deyiladi xabarda.

 

Iyul va avgust oylarida 60−70 foiz ehtimollik bilan harorat foni me’yordan biroz yuqori va uning atrofida bo‘lishi kutilmoqda. Yoz anomal issiq bo‘lmaydi, biroq harorat +40…+42 darajagacha, respublikaning shimoliy, janubiy va cho‘l hududlarida +43…+45 darajagacha ko‘tarilib, juda issiq ob-havoning ayrim davrlari ham istisno qilinmaydi. Bu O‘rta Osiyo iqlimining xususiyatlaridan biridir.

 

So‘nggi yillarda yoz fasllarining o‘rtacha harorati tez-tez o‘rtacha yillik qiymatlardan oshib bormoqda. XXI asr boshidan beri faqat 2003 va 2009-yillardagi yoz fasllari me’yordan biroz sovuqroq, boshqa barcha yoz fasllari esa me’yor atrofida va undan iliqroq bo‘ldi. 2015-yildan boshlab barcha yoz fasllarining harorati me’yordan yuqori bo‘ldi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//