Madaniyat
“Sho‘ro qatag‘onidan meros tarixiy an’ana biron bir ma’lumotni oshkor etishni qoralamoqqa undaydi. Muallifning o‘z haqini talab qilishi bilan xabarkashlik illati yer-u osmoncha farqlanishini esa tushungimiz kelmaydi. Ahvol shu darajadaki, intellektual mulkini himoya qilish uchun da’vo boshlagan mualliflar “Odamlar bilmasin, meni sazoyi qilishadi” deb qonuniy xatti-harakatini ham yashirishga urinadi. Biz teskari “qadriyat”lar hukmi ostida yashayapmiz!” “Tayyor oshga bakovul” davra suhbatida ko‘chirmakashlik illati, sabab va oqibatlari xususida so‘z borgan. Millat oydinlarining mualliflik huquqi haqidagi fikr-mulohazalari bilan “Tafakkur” jurnalining 2023-yil 1-sonida tanishing.
“Men negadir “XXI asrda rivojlangan mamlakatlarda katta urushlar bo‘lmaydi. Zero, ular yetarlicha tajribaga ega bo‘ldi: jahon urushlaridan xulosa chiqardi. Bas, taraqqiy topgan yoki shu yo‘ldagi davlatlarning vazifasi, maqsadi, intilishlari faqat va faqat ideal davlat, mukammal jamiyat qurish bo‘ladi. U endi shu davlat-u jamiyatga munosib komil inson to‘g‘risida qayg‘uradi” deb o‘ylab yurar ekanman. Afsuski, chuchvarani xom sanabman: odam bolasi haligacha “urush-urush o‘yini”ga qonmabdi. Demakki, tafakkuri o‘smabdi.” Millat va ma’naviyat ruknida e’lon qilingan “Odamzod nega urushdan saboq chiqarmayapti?” maqolasida tashqaridagi va ichkaridagi urushlar, javobsiz savollar, boshqacha avlod, kichraygan orzu – a’mo yo‘qotgan aso haqida so‘z boradi.
“Men bolalik chog‘imdanoq, – deb yozgan edi Beruniy, – yoshim va sharoitimga qarab, imkon qadar ko‘proq bilim olishga intildim. Buning dalili sifatida quyidagini keltirish kifoya: biz turadigan qasabaga bir yunon ko‘chib kelgan edi. Men har xil donlar, urug‘lar, mevalar va hokazolarni olib borib, unga ko‘rsatib va bu narsalar uning tilida qanday atalishini so‘rab, nomini yozib qo‘yar edim.” Bu yil tavalludining 1050 yilligi nishonlanayotgan alloma Abu Rayhon Muhammad ibn Ahmad al-Beruniyning hayot yo‘li haqida “Beruniyning aql mash’ali” maqolasida o‘qing.
Jurnalning keyingi sahifalarida “Komillik pillapoyasi”, “Xitoy: mafkuraviy g‘ovlar osha”, “Qadriyatlar qorishganda” maqolalari, “Marhum janob Elveshem qissasi” hikoyasi, “Erkka yo‘l” essesi o‘rin olgan.
Jurnalning talqin va tadqiqotlar ruknida “Zulmatdagi nur”, “Ziddi zahar izlab”, “Haq rizoligiga vasila”, “Majlisi humoyun: tarix va tadqiq”, “Parvozdagi parilar” maqolalari e’lon qilingan.
“Bugunning chorasin ko‘rib, ertaga ehtiyoj qoldirmagan kishi aqllidir”. Beruniyning mazkur iqtibosini jurnalning ushbu soniga xulosa o‘rnida keltirish mumkin. “Tafakkur” bilan hamnafaslik – kelajak ehtiyoji. Jurnalni mutolaa qiling, tafakkuringizni chiniqtiring.
Siyosat
Siyosat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Siyosat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q