Jahon
Livanning “An-Nahar” gazetasi 6-fevraldagi zilziladan uch oydan koʻproq vaqt oʻtib, Suriya—Turkiya chegarasi yaqinidagi vayronalar ostidan tirik odam topilgani haqidagi xabarni rad etdi. Bunday xabar “Akhbar.fouri” portalida eʼlon qilingandi, unda yer silkinishidan omon qolgan erkakning surati koʻrsatilgan.
Portalga koʻra, suratda Idlib viloyatidagi Xon Shayxun shahrida yashovchi 1984-yilda tugʻilgan Ahmad as-Susiy tasvirlangan. Uning amakivachchasi suratni nashrga berib, toʻshakka mixlanib qolgan Susiyga odamlar eʼtiborini qaratmoqchi va shu orqali uning davolanishi uchun pul toʻplamoqchi boʻlgan.
“An-Nahar” gazetasi bemorning akasi bilan bogʻlanishga muvaffaq boʻldi, u Ahmad as-Susi hozir Kfar Jelis qochqinlar lagerida istiqomat qilayotganini, uning ahvoli juda ogʻir ekanini tasdiqladi. Uning soʻzlariga koʻra, “Akhbar.fouri” nashri eʼlon qilgan surat taxminan yetti yil avval olingan boʻlib, ukasining tanasidagi yaralar vayronalar ostida uch oy qolganidan emas, balki psoriaz (yuqumli boʻlmagan teri kasalligi) tufayli paydo boʻlgan.
Avvalroq portal 16-may kuni qutqarilgan suriyalik goʻyoki mahalliy kasalxonaga olib ketilgani va shifokorlar nazoratida ekani, u uzoq reabilitatsiyadan oʻtishi haqida xabar bergandi.
Eslatib oʻtamiz, joriy yilning fevral oyi boshida Turkiya janubi-sharqida, Suriya chegarasiga yaqin joylashgan Qahramonmarash viloyatida 7,7 va 7,6 magnitudali vayronkor zilzilalar sodir boʻlgan edi.
Seysmik hodisa qoʻshni Suriyaga ham taʼsir qilgan va u yerda ham ikkita shaharda binolar qulab tushgan edi.
Mart oyi holatiga koʻra, Turkiyada zilzila qurbonlari soni 50 783 kishini tashkil etgan, Suriyada esa 5,8 ming kishidan oshgan. Jami zilzilalar oqibatida Suriyada 400 mingdan ortiq odam jabr koʻrdi. 1,5 ming kishi vayronalar ostidan qutqarib olindi.
Ilm-fan
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jahon
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q