Iqtisod
Markaziy bank tomonidan aholining turli guruhlari isteʼmol kayfiyatini oʻrganish boʻyicha navbatdagi soʻrovlar oʻtkazildi. Ularning natijalari asosida 2023-yilning I choragi holatida Aholining isteʼmol kayfiyati sharhi tayyorlandi.
Qayd etilishicha, 2023-yilning I choragida isteʼmol kayfiyati indeksi1 (IKI) IV chorakka nisbatan 2,3 bandga kamayib, 23,8 bandni tashkil etgan.
Ushbu oʻrganishga respondentlarning daromadlari va xarajatlari, pul-mablagʻlarini jamgʻarishga boʻlgan moyilligi, shuningdek, kelgusida kreditga boʻlgan ehtiyojlarini aniqlash va tahlil qilish boʻyicha savollar kiritilgan.
Oʻtgan chorakda koʻpchilik respondentlar taʼlim, uy-joy taʼmiri, davolanish, avtomobil va maishiy texnika xaridiga koʻproq mablagʻ sarflaganlarini taʼkidlagan. Kelgusi oylarda uy-joy taʼmiri va xaridi uchun, taʼlim, avtomobil, davolanish va boshqa qoʻshimcha xaridlarni amalga oshirish istagida boʻlganlar koʻpchilikni tashkil etgan.
Shu bois, ushbu tovar va xizmatlarga talabning yuqori darajada saqlanib qolinishi kutilmoqda, deya hisoblaydi mutaxassislar.
Infografika: Markaziy bank
Aholi xarajatlarining maqbullashtirilishi, kreditga boʻlgan ehtiyojning biroz kamayishi hamda jamgʻarishga boʻlgan moyillikning oshishi isteʼmol kayfiyati indeksining pasaytiruvchi omillaridan boʻlgan.
Hisobotda keltirilishicha, kelgusida kredit olishga talabgorlar ulushi biroz kamaymoqda. Joriy chorakda respondentlar fikriga koʻra, kreditga boʻlgan talabning biroz qisqarishi kuzatilib, kredit subindeksi 8 bandga (avvalgi chorakda 8,5 band) teng boʻlgan.
Respondentlar orasida faqatgina 7−10 million soʻmgacha boʻlgan daromad sinfi kelgusi oylarda kredit olishni koʻproq rejalashtirayotganini taʼkidlagan boʻlsa, qolgan barcha daromad guruhida kreditga boʻlgan yalpi talab kamayib borishi kutilmoqda. Shuningdek, 3−5 million soʻm atrofidagi daromadlilar orasida kreditga boʻlgan talab oʻzgarmas darajada saqlanib qolingan.
2023-yilning birinchi yarmida kreditga boʻlgan talabning avvalgi choraklarga nisbatan biroz yumshashi boʻyicha kutilmalar shakllanmoqda. Qatnashuvchilarning 64 foizi kelgusi oylarda kredit olishga ehtiyojlari borligini bildirishgan (oʻtgan chorakda ushbu koʻrsatkich 65 foizga teng boʻlgan).
Infografika: Markaziy bank
Soʻrovda maishiy xizmat, qurilish, fan-taʼlim, tibbiyot, AT va OAV hamda savdo sohalarida faoliyat yurituvchilarning daromadlari boʻyicha optimistik kutilmalari oʻtgan chorakka nisbatan ijobiylashgan.
Aksincha, ishlab chiqarish, kafe-restoran va turizm sohasidagilarning kelgusidagi daromadlari boʻyicha kutilmalari nisbatan pasaygan.
Infografika: Markaziy bank
“Ayni vaqtda banklar tomonidan mijozlarga taklif etilayotgan depozit foiz stavkalarining qulay va jozibadorligi, shuningdek, milliy valyuta kursining barqarorligi respondentlarning jamgʻarishga moyilligini ortib borishiga hamda jamgʻarish kayfiyatini ijobiy shakllanishiga xizmat qilmoqda”, — deyiladi hisobotda.
Keltirilishicha, respondentlarning jamgʻarmalari 1 oygacha muddatga yetarliligini maʼlum qilganlar ulushi koʻproqni tashkil etgan boʻlsa, joriy yilning birinchi choragida kelgusida jamgʻarmalari 1−3 oygacha va undan uzoqroqqa yetishini bildirganlar soni oshib bormoqda. Biroq jamgʻarmalari mavjud emasligini taʼkidlaganlar 35 foizni tashkil etgan.
Iqtisod
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jahon
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q