Jamiyat
Bir necha kun avval, fuqaro J.U. JKning 244-moddasi (jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish) 3-qismi “g” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingani haqida xabar berilgan edi. Toshkent viloyati IIBB axborot xizmati mazkur holat yuzasidan rasmiy munosabat berdi.
Qayd etilishicha, 2022-yilning oktyabr oyida Toshkent viloyati IIBB tomonidan terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish yoʻnalishida amalga oshirilayotgan tadbirlar davomida 2002-yilda tugʻilgan, Toshkent viloyati Yangiyoʻl tumanida yashovchi fuqaro “U.J.” ijtimoiy tarmoqlar orqali taqiqlangan diniy materiallarni tarqatib kelish bilan shugʻullanayotgani xususida maʼlumotlar olingan.
Tezkor-qidiruv tadbirlar davomida aniqlanishicha, mazkur shaxs Suriyada faoliyat olib borayotgan “Tavhid va jihod katibasi” xalqaro terroristik tashkilot jangarilari tomonidan tayyorlangan maʼruzalarni internet orqali tinglashi davomida ularning gʻoyaviy taʼsiriga tushgan va ushbu harakatlarni qoʻllab-quvvatlashni boshlagan.
U, xalqaro terroristik tashkilot tarafdorlari sonini orttirish maqsadida Internet orqali “jihod” va “shahidlikka chorlov” maʼruzalarini oʻziga tanish boʻlgan shaxslar va yaqinlari orasida tarqatish bilan shugʻullangan.
Xususan, “U.J.” tomonidan tarqatilgan materiallar orasida “Shahid boʻlib ketsak rozi boʻlingiz” nomli nashida ham boʻlib, unda oʻzbek tilida “mujohid boʻlish nasib qilgani, karvondan qolmasdan ularga ergashish kerakligi, shahid boʻlib ketish orzulari ekani, Alloh bergan jonni Allohga sotishlari, Alloh yoʻlida qurbonlik qilishlari, togʻutlarga qarshi kurashish va mujohid boʻlib ularga ergashish kerak ekani” mazmunidagi chorlov soʻzlari keltirilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Din ishlari boʻyicha qoʻmitasining ekspertlik xulosasiga koʻra, ushbu maʼlumotlar diniy aqidaparastlik gʻoyalari bilan yoʻgʻrilgan boʻlib, ularni Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kirish, tayyorlash va tarqatish taqiqlanadi.
Ushbu holat yuzasidan joriy yilning 20-fevral kuni fuqaro “U.J.” ga nisbatan Jinoyat kodeksining 244 (1)-moddasi uchinchi qismi (Jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish, ommaviy axborot vositalaridan yoxud telekommunikatsiya tarmoqlaridan, shuningdek Internet jahon axborot tarmogʻidan foydalanib sodir etilgan boʻlsa) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.
Ushbu jinoyat uchun qonunchilikda 5 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan boʻlsa-da, joriy yilning 8-may kuni Toshkent viloyati Oqqurgʻon tuman sudi tomonidan “U.J.”ning shaxsi, jinoyat qilish sharoiti va sabablari, uning jinoyatni sodir qilguncha va undan keyingi xulq-atvorini inobatga olgan holda, JKning 57-moddasi (yengilroq jazo tayinlash)ni qoʻllagan holda, belgilangan jazoning eng kam qismidan ham kamroq boʻlgan 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Taʼkidlanishicha, “U.J.” shahid boʻlishga (jang maydonlarida xudkushlik sodir qilish, oʻzini oʻzi oʻldirish) daʼvat etuvchi oʻzbek tilidagi “Shaxid boʻlib ketsak rozi boʻlingiz” nomli diniy qoʻshiq va boshqa bir qator diniy materiallar mazmunini toʻliq anglagan holda ushbu gʻoyalarni tanishlariga ham yetkazish maqsadida Telegram ijtimoiy tarmogʻi orqali tarqatgan.
Bunday harakat Oʻzbekiston hududida jamoat xavfsizligiga tahdid tugʻdiruvchi ijtimoiy xavfli qilmish sifatida baholanib, tergov idoralari tomonidan “U.J.”ning harakatlari toʻgʻri malakalangan.
Siyosat
Siyosat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Siyosat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q