Propiska to‘g‘risidagi qonun bekor qilinib, ro‘yxatga olishning xabardor qilish tartibi joriy etiladi

Saqlash
14:34 / 10.05.2023 1136 0

O‘zbekistonda 2011-yilda qabul qilingan “Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olinishi lozim bo‘lgan shaxslar — O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari toifalarining ro‘yxati to‘g‘risida”gi qonunni bekor qilish rejalashtirilmoqda. Bu Prezident Shavkat Mirziyoyevning 8-maydagi farmonida ko‘zda tutilgan.

 

Vazirlar Mahkamasiga ikki oy muddatda Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga qonunni o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish to‘g‘risidagi qonun loyihasini kiritish topshirildi.

 

Amaldagi qonunga ko‘ra, faqat 12 toifadagi fuqarolar poytaxtda doimiy propiska qilinishi mumkin.

 

Farmonda qayd etilishicha, mazkur qonun fuqarolarning yangilangan Konstitutsiyaning 32-moddasida nazarda tutilgan mamlakat bo‘ylab erkin harakatlanishi, shuningdek, yashash va yashash joyini tanlash huquqlarini cheklaydi.

 

Ichki ishlar vazirligi bir oy muddatda fuqarolarni yashash joyi bo‘yicha hisobga olishning xabardor qilish tartibini joriy etishga qaratilgan yangi mexanizmlarni nazarda tutuvchi Prezident qarori loyihasini taqdim etishi lozim.

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//