Haydar Aliyevning 100 yillik tavalludiga bagʻishlangan “Azaliy doʻstlik – abadiy doʻstlik” mavzusida maʼnaviy-maʼrifiy anjuman boʻlib oʻtdi

Saqlash
22:55 / 08.05.2023 2328 0

Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazida Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalari qoʻmitasi bilan hamkorlikda Ozarboyjon milliy yetakchisi Haydar Aliyevning 100 yillik tavalludiga bagʻishlangan “Azaliy doʻstlik – abadiy doʻstlik” mavzusida maʼnaviy-maʼrifiy anjuman oʻtkazildi.

 

Anjumanni Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari, senator Minhojiddin Hojimatov kirish soʻzi bilan ochar ekan, shunday dedi: “2022-yil 21-iyunda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Ozarboyjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev davlat tashrifi bilan yurtimizga keldi. Aynan ushbu tashrif mamlakatlarimiz oʻrtasidagi doʻstlik va birodarlik aloqalarining yangi sahifasi boʻldi. Ozarboyjon Prezidentining davlat tashrifi Haydar Aliyev nomidagi yangilangan koʻcha va uning yodgorligi ochilishidan boshlangan edi. Mazkur tashrif Ozarboyjon xalqining umummilliy yetakchisi, oʻzbek xalqining sadoqatli doʻsti Haydar Aliyev sharafiga nomlangan koʻchaning ochilish marosimidan boshlangani katta ramziy maʼnoga ega. Haydar Aliyev XX asrning atoqli siyosiy va davlat arbobi, mustaqil Ozarbayjonning asoschisi sifatida tarixga kirdi”.

 

 

Mirzo Ulugʻbek nomidagi iqtidorli yoshlarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi raisi, taniqli davlat va jamoat arbobi, akademik Oqil Salimov Oʻzbekiston va Ozarboyjon mamlakatlari oʻrtasidagi doʻstlik aloqalari, xususan, Ozarbayjonning buyuk farzandi Haydar Aliyev haqidagi xotiralari bilan oʻrtoqlashar ekan, jumladan, shunday dedi: “Biz, Ozarboyjon xalqining buyuk farzandi Haydar Aliyev bilan doimo faxrlanamiz. Chunki, oʻz millati, ona xalqi uchun jon kuydirgan, milliy davlatchilikni taraqqiy ettirishda fidoiylik koʻrsatgani ul zotning, haqiqatan ham, buyuk shaxs ekanligini namoyon etadi. Men shaxsan Haydar Aliyevning hamisha oʻzbek xalqini hurmat qilganini, Oʻzbekiston haqida hurmat bilan gapirgani, kerak boʻlsa, qoʻllab-quvvatlagani, Sharof Rashidov bilan koʻp bor uchrashib, juda murakkab masalalarni hal qilganini yaxshi eslayman. Mamlakatimizda xalqimizga qarshi “oʻzbek ishi” singari fitnalar uyushtirilgan ogʻir yillarda Haydar Aliyevning oʻzbek xalqi haqida oʻzining shaxsiy fikri bor edi. Bugun biz bu buyuk ishni Haydar Aliyevning oʻgʻli, munosib davomchisi sharaf bilan ado etayotganidan faxr tuygʻularini yurakdan his etamiz”.

 

 

Ozarboyjon milliy madaniyat markazi raisi Mobil Mamedov Ozarboyjon va Oʻzbekiston munosabatlarida buyuk yetakchi Haydar Aliyevning ulkan xizmatlari haqida soʻz yuritdi. Unga koʻra, ikki davlat oʻrtasidagi munosabatlarni yuksak darajaga koʻtarishda, mamlakatlarimizning strategik sherikligida, ikki va koʻp tomonlama hamkorlik aloqalarini kengaytirishda, xalqaro maydonlarda oʻzaro qoʻllab-quvvatlashda buyuk inson Haydar Aliyevning roli beqiyosdir.

 

Darhaqiqat, Haydar Aliyev eng ziddiyatli davr bo‘lgan XX asr jahon tarixida zamonaviy Ozarboyjonning umummilliy lideri sifatida yorqin iz qoldirdi. U mamlakatni turli ijtimoiy-siyosiy inqirozlardan saqlab qoldi va mustaqil taraqqiyotning tarixiy jarayoniga asos soldi, ozod Ozarboyjon davlati meʼmori sifatida milliy davlatchilikni shakllantirdi. Bugungi zamonaviy Ozarboyjonning siymosida ulugʻ yoʻlboshchi – Haydar Aliyevning orzu-umidlari, gʻoyalari amalga oshmoqda.

 

 

Anjumanda mamlakatimizning taniqli jamoat va davlat arboblari, Ozarboyjon milliy madaniyat markazi xodimlari hamda oʻzbekistonlik ozarboyjonlar ishtirok etdi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//