Siyosat
Prezident Shavkat Mirziyoyev 8-may kuni Toshkent shahridagi “Chinobod Plaza” sanatoriysiga borib, urush qatnashchilari holidan xabar oldi. Anorboy ota Jalilov, Ashir ota Oʻsarov, Antonina Kolomenseva, Toʻlagan ota Imomov, Abbos ota Appanov bilan dildan suhbatlashdi.
– Sizlarni koʻray, bayram bilan tabriklay deb keldim. Bu, avvalo, sizlarning bayramingiz. Oʻsha paytlardagi jasorat va matonatingiz tufayli keyingi avlodlar tinch, erkin yashadi. Mashaqqatli mehnat va zafarlarga toʻla hayot yoʻlingiz bugungi yoshlar uchun chinakam ibrat maktabi, vatanparvarlik maktabi, desak, ayni haqiqatni aytgan boʻlamiz. Siz bilan butun el-yurtimiz faxrlanadi, – dedi davlatimiz rahbari.
Urush qatnashchilari hurmat va mehr ogʻushida yashayotgani, sogʻligi yaxshi, hayotidan rozi ekanini aytdi. Oʻzlari istiqomat qilayotgan hududda, farzand va nabiralarining hayotida boʻlayotgan oʻzgarishlar haqida gapirdi.
– Mana, yaqinda yangilangan Konstitutsiyamizni qabul qildik, – dedi Prezident. – Mamlakatimiz rivojini oshirish, xalqimiz hayotini yaxshilash boʻyicha katta marralar oldik. Mana shunday oʻzgarishlar paytida sizdek katta tajribaga ega insonlarning yonimizda boʻlishi, maslahatlaringizni olish bizga cheksiz kuch-gʻayrat beradi.
Nuroniylar eʼtibor va gʻamxoʻrlik uchun Prezidentimizga minnatdorlik bildirib, xayrli duolar qildi.
– Tabarruk duolaringizni olish, sizga qoʻshilib xalqimizning tinchligini soʻrash – katta baxt. Hayotda koʻp-koʻp sinovlarni koʻrgan, qariyb bir asrlik hayot tajribasiga ega boʻlgan sizday muhtaram insonlarning duolari ijobat boʻladi. Nuroniylarimiz uchun barcha zarur sharoitlarni yaratishga bundan buyon ham katta eʼtibor qaratamiz. Bu – biz uchun muqaddas burch va vazifadir, – deya taʼkidladi Shavkat Mirziyoyev.
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Ilm-fan
Jamiyat
Sport
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q