Qabul qilayotgan barcha qonun va qarorlarimizda faqat va faqat xalqimiz, Vatanimiz manfaatlari eng ustuvor oʻrinda turishi shart! – Shavkat Mirziyoyev

Saqlash
17:14 / 08.05.2023 1493 0

Ayni paytda, Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida Oliy Majlis palatalari, siyosiy partiyalar, sud va ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlari hamda jamoatchilik faollari bilan referendum yakunlariga bagʻishlangan uchrashuv boʻlib oʻtmoqda.

 

Unda Yangilangan Konstitutsiyaning birinchi moddasida Oʻzbekiston – suveren demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat, deb qatʼiy belgilab qoʻyilgani tarixiy ahamiyatga ega ekani taʼkidlandi.

 

Xalqimizning xohish-irodasi bilan Asosiy qonunimizda muhrlangan bu prinsiplar – mamlakatimizning taraqqiyot yoʻli va taqdirini, uning kelajagini belgilab bergan ushbu “beshta ustun” hech qachon oʻzgartirilmasligi qayd etildi.

 

“Dunyoda kundan-kunga yangi-yangi sinovlar, xavf-xatar va tahdidlar paydo boʻlayotganini barchangiz koʻrib turibsiz.

 

Eng nufuzli siyosatshunos va ekspertlar ham, “aql markazlari” ham, jahonda sodir boʻlayotgan hozirgi ziddiyat va toʻqnashuvlar qachon va nima bilan tugashini ayta olmayapti.

 

Shunday murakkab vaziyatda, har bir ishimizda, qabul qilayotgan barcha qonun va qarorlarimizda faqat va faqat xalqimiz, Vatanimiz manfaatlari eng ustuvor oʻrinda turishi shart!” – dedi Prezident.

 

Buning uchun, birinchidan, ota-bobolarimizning asriy armoni boʻlgan, tengsiz va buyuk neʼmat – mustaqilligimizni asrab-avaylash, uni yanada mustahkamlash va kelgusi avlodlarga meros qilib qoldirish barchamiz uchun hayot-mamot masalasi ekanini unutmasligimiz zarurligi koʻrsatib oʻtildi.

 

“Biz uch ming yillik davlatchilik tarixiga, boy va betakror madaniyatga ega bunyodkor xalqmiz. Qirq millionga yaqinlashib borayotgan aholimizning taqdiri va istiqboli, farovon hayoti uchun masʼul va javobgarmiz.

 

Shu sababdan yurtimizda tinchlik va barqarorlikni asrash va mustahkamlash bundan buyon ham eng muhim vazifamiz boʻlib qoladi”, — dedi davlat rahbari.

 

Ushbu maqsadda milliy xavfsizlikni taʼminlash, Qurolli Kuchlarimiz jangovar salohiyatini oshirishga qaratilgan ishlari yangi bosqichga olib chiqilishi, “Xavfsiz shahar”, “xavfsiz mahalla”, “xavfsiz koʻcha” konsepsiyalari jadal amalga oshirilishi aytildi.

 

Dunyodagi hozirgi murakkab vaziyatda tinchliksevar tashqi siyosat davom ettirilishi, uzoq va yaqin davlatlar bilan doʻstlik aloqalari, barcha sohalarda oʻzaro hamkorlik rivojlantirilishi taʼkidlandi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//