"Ajdodlar izidan" jamiyati va jurnali tashkil etiladi

Saqlash
14:22 / 22.11.2021 1208 0

Vazirlar Mahkamasining “Harbiy tarixni o‘rganish borasidagi ishlar samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qarori qabul qilindi.

 

Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Milliy gvardiya, Madaniyat vazirligi, "Vatanparvar" tashkiloti muassisligida:

"Ajdodlar izidan" harbiy-tarixiy jamiyati - muassasa shaklidagi nodavlat notijorat tashkiloti;

"Ajdodlar izidan" ilmiy-ommabop jurnali ta’sis etiladi.

 

"Ajdodlar izidan" jamiyatining asosiy vazifalari:

qadim o‘tmishda, o‘rta asrlarda, yaqin tarixda O‘zbekiston hududida, shuningdek, uning chegaralari tashqarisida bo‘lib o‘tgan harbiy-tarixiy ahamiyatga ega tarixiy hujjatlar va voqealar tavsif-bayonini to‘plash;

millat ozodligi va mustaqilligi uchun bosqinchilarga qarshi kurashib, qahramonlik ko‘rsatgan harbiy sarkardalar, rahbarlar, qabila va xalq yetakchilari, yo‘lboshchilarining faoliyatini o‘rganish;

yurtimizdagi muzey, kutubxona va arxivlarda, shu jumladan, xorijiy davlatlardagi shu kabi muassasalarda ilmiy-tadqiqot va qidiruv ishlarini olib borish;

taniqli olimlar, tarixchilar, arxeologlar, mutaxassislarni jalb qilgan holda yig‘ilgan ma’lumotlarni tizimlashtirish;

O‘zbekiston tarixida yuz bergan harbiy-tarixiy voqealar xaritasini tuzish va boshqalar.

 

Jamiyatni boshqarish mudofaa vaziri raislik qiladigan Kuzatuv kengashi tomonidan amalga oshiriladi, u faoliyatini jamoatchilik asosida olib boradi. Kuzatuv kengashi yig‘ilishlari har yili kamida ikki marotaba o‘tkaziladi.

 

Jamiyat faoliyatini samarali tashkil etish maqsadida "Ajdodlar izidan" harbiy-tarixiy jamiyatini rivojlantirish jamg‘armasi tuziladi. Uni moliyalashtirish manbalari:

har yili 1-fevralga qadar muassislarning har biri tomonidan bazaviy hisoblash miqdorining 1 500 barobari ekvivalenti miqdorida ajratiladigan mablag‘lar;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar harbiy-ma’muriy sektorlarini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari;

yuridik va jismoniy shaxslar, shu jumladan, O‘zbekiston Respublikasi norezidentlari tomonidan amalga oshirilgan homiylik xayriyalari;

qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//