Ajrashishlar ko‘paygani uchun mahalla nomini o‘zgartirish taklif qilindi

Saqlash
22:32 / 28.04.2023 1854 0

Geografik obyektlarni nomlash va qayta nomlash masalalari bo‘yicha Toshkent shahar komissiyasiga Yunusobod tumanidagi “Yo‘layriq” mahallasi nomini “Obihayot” deb o‘zgartirish bo‘yicha taklif kelib tushdi, deya xabar berdi Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati. Qayd etish joiz, shahar ma’muriyati bu kabi murojaatlar haqida birinchi marta ochiq ma’lumot berdi.

 

Shahar hokimligi jamoatchilikka ushbu masalani qonunchilikka muvofiq muhokama qilishni taklif qilib, fuqarolarni o‘z fikrini og‘zaki, yozma yoki elektron shaklda bildirishga chaqirgan. Mahalliy aholi o‘z fikrlarini 12-mayga qadar +998−71 210−04−13 telefon raqamiga qo‘ng‘iroq qilib, Toshkent shahar hokimligi (100060, Toshkent shahri, Chilonzor tumani, Islom Karimov shoh ko‘chasi, 51-uy)ga xat yozib yoki geonom@digitaltashkent.uz elektron pochta manziliga murojaat qilish orqali bildirishi mumkin.

 

Mahalla nomini nega oʻzgartirish taklif etilyapti?

 

Hokimlik matbuot xizmati o‘z e’loniga mahalla nomini o‘zgartirish taklifi bo‘yicha hujjatlarni ilova qilgan. Ular orasida Yunusobod tumani hokimligida tuman hokimi Bahodir Abduvaliyev raisligida 2023-yil 28-mart kuni o‘tkazilgan yig‘ilish bayoni ham bor. Tuman hokimi bir vaqtning o‘zida Geografik obyektlarni nomlash va qayta nomlash masalalari bo‘yicha hududiy komissiya raisi ham hisoblanadi.

 

Ma’lum bo‘lishicha, “Yo‘layriq” mahallasi 1987-yildan 2016-yilga qadar “Shodlik” deb nomlangan. Mahallaning keksa yoshdagi nuroniylari fikriga ko‘ra, mahallaning o‘ziga xos tarixi mavjud — qadimda Buyuk Ipak yo‘li karvoni “Yo‘layriq” nomli karvonsaroyda to‘xtab o‘tgan, ushbu karvonsaroy esa hozirgi mahalla yaqinida bo‘lgan.

 

“Mahallaning o‘sha vaqtdagi raisi X.Yunusov, sanoqli mahalla faollari va keksalar fikriga ko‘ra, tarixiy ahamiyat kasb etishini istagan holda „Shodlik“ nomini „Yo‘layriq“ nomiga o‘zgartirish taklifi bir ovozdan ma’qullangan va shu nom berilgan”, — degan yig‘ilishda so‘zga chiqqan tuman hokimi.

 

Hokimning qo‘shimcha qilishicha, hozirgi kunda “Yo‘layriq” mahallasida yosh oilalar o‘rtasida ajrashishlar va har xil nizolar bo‘layotgani ushbu nom bilan bog‘liq, deya mahalla ahli tomonidan e’tiroz bo‘lmoqda, shu boisdan uning nomini “Obihayot” deya o‘zgartirish to‘g‘risida taklif bildirilgan.

 

Yig‘ilishda tuman hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari J.Nabiyev ham so‘zga chiqib, “mahallaga u yoki bu nomning berilishi nima uchun oilalardagi ajrimlarga ta’sir qilishi”, shuningdek, “Yo‘layriq” karvonsaroyi boshqa mahalla hududiga to‘g‘ri kelishi haqida gapirgan.

 

“Komissiya a’zolari va yig‘ilish ishtirokchilariga shuni ta’kidlab o‘tmoqchimanki, tumanda joylashgan mahallalarga geografik nom berishda uning o‘tmishi, tarixi, aholi va yoshlar uchun kelajakda qanchalik ahamiyat kasb etishini o‘rganib, so‘ng to‘g‘ri nom berish kerak”, — deb qo‘shimcha qilgan Nabiyev.

 

Yig‘ilishda mahalla raisi A.Karimov ushbu masala mahalla fuqarolar yig‘ini vakillari yig‘ilishida muhokama qilinib, mahallaning yangi nomi bo‘yicha taklif bir ovozdan ma’qullanib, tegishli qaror ham qabul qilinganini ma’lum qilgan.

 

Tuman hokimligidagi yig‘ilish yakunida “Yo‘layriq” mahallasining nomini “Obihayot” deb o‘zgartirish bo‘yicha taklifni ma’qullash to‘g‘risida qaror qabul qilingan. Shu qaror asosida Geografik obyektlarni nomlash va qayta nomlar masalalari bo‘yicha Toshkent shahar komissiyasiga murojaat qilingan.

 

Ma’lumot uchun, 2022-yil yanvarida “Mahalla” gazetasida e’lon qilingan “Odamlar qachongacha mahallasi nomidan uyalib yashaydi?” sarlavhali maqolada ““og‘izga kelgan gapni vaysagan”dek, bo‘lar-bo‘lmas” nomli mahallalar qatorida Yunusoboddagi “Yo‘layriq” mahallasi ham sanab o‘tilgan edi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//