Oʻzbekiston xalq shoiri Omon Matjonga oʻrnatilgan byust noroziliklarga sabab boʻlmoqda

Saqlash
15:24 / 28.04.2023 8918 2

Ijtimoiy tarmoqlarda Xorazmda Oʻzbekiston xalq shoiri Omon Matjonga oʻrnatilgan byust yuzasidan norozilik murojaati tarqaldi. Shoirning shogirdlari va qator ijodkorlar byust umuman Omon Matjonga oʻxshamaganini, tezda almashtirish kerakligini yozishmoqda.

 

“Zabardast soʻz sehrgari Omon Matjon byusti suratini koʻrib hayron-u lol boʻlib qoldik. Yoʻq, shoirga mutlaqo oʻxshamabdi. Tund, beparvo, loqayd, badqovoq... Aslida Omon aka siyrati va suvrati goʻzal inson edi. Qaygʻu chekkanida ham kulimsirab turardi. Fikrimizcha, byustni tezroq olib tashlab, boshqa haykaltaroshga buyurtma bermoq darkor. Xorazmda Shavkat Usmonov kabi mohir haykaltaroshlar koʻp-ku?!” deyilgan murojaatda.

 

Murojaatda Omon Matjonning haykali poytaxtdagi “Adiblar xiyoboni”ga ham qoʻyilishi kerakligi haqida yozilgan. “Qolaversa, Oʻzbekiston xalq shoiri Omon Matjonning haykali “Adiblar xiyoboni”da ham qad rostlamogʻi lozim. Chunki, u kishimiz Erkin Vohidov, Abdulla Oripovdan isteʼdod jabhasida zarracha kam emas”.

 

Oyina.uz muxbiri holat yuzasidan Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi Xorazm viloyat boʻlimi bilan bogʻlandi. Boʻlim rahbari Gavhar Ibodullayevaning maʼlum qilishicha, byust 9-may – “Xotira va qadrlash kuni” arafasida almashtiriladi.

 

“Ustoz shoirimiz Omon Matjonning byusti haqida kuyinchaklik qilayotgan azizlarimiz aslo xavotir chekmasinlar. Ayni kunda ustozning yangi byusti tayyor. 9-may – “Xotira va qadrlash kuni” arafasida byust almashtiriladi. Ustoz shoirimizning oldingi byustidan oʻzimiz ham xijolatdamiz. Ammo farzandi Diyorbek shunda ham mamnun boʻlib ketganlar. Jonkuyarlik bilan fikr va eʼtiroz bildirgan qadrli insonlarga samimiy minnatdorligimizni izhor etamiz”, dedi u.

 

2 Izohlar

User

12:01 / 01.01.1970

Nima kerak oʻzi haykal butlar. Undan koʻra shu shoirni kitoblarini nashr qilib bepul tarqatilsa odamlarga manfaatli boʻlardi.

.

12:01 / 01.01.1970

Avval o'xshamagan haykalni o'rnatib poyiga guldastalar qo'yishadi, keyin o'xshamagan haykalni o'rnatishganini tan olib almashtirish kerakligi haqida aytilganda yangi haykal ham tayyor ekanligini aytishadi, ma'daniyat va ma'rifat masalalari juda "rivojlanib borayotganligi" ko'rinib turibdi.

Izoh qoldirish

//