Siyosat
Sherali Joʻrayev nomi oʻzbek sanʼatida alohida oʻringa, o‘ziga mos maqomga ega. Yuzlab qoʻshiqlari bilan millionlab insonlar koʻngliga kirib borgan, nozik taʼb va katta isteʼdodi bilan sheʼr va musiqa uygʻunligiga erisholgan hofiz-sanʼatkor bugun 76 yoshini qarshi olmoqda.
Sherali Joʻrayev 1947-yili Asakada tugʻilgan. 1972-yili Toshkent teatr va rassomlik sanʼati institutini, 1976-yili Mannon Uygʻur nomidagi Toshkent davlat sanʼat institutini tamomlagan. Talabalik yillaridayoq shirali ovozi bilan yosh-u qarini birdek oʻziga maftun etgan.
Ayniqsa, “Bahor ayyomi” (Zahiriddin Muhammad Bobur sheʼri), “Birinchi muhabbatim” (Abdulla Oripov sheʼri), “Oʻzbegim”, “Inson qasidasi” (Erkin Vohidov sheʼri), “Karvon” (Usmon Azim sheʼri), “Avvalgilarga oʻxshamas” (Alisher Navoiy gʻazaliga Omon Matjon muxammasi) qoʻshiqlari butun mamlakat boʻylab har bir xonadonda yangraydi, desak yanglishmagan boʻlamiz.
Ijro uslubi monologik, dramatik iztiroblarga asoslangan sanʼatkorning qoʻshiqlari xalqchilligi, mushohadali, falsafiy mazmunga boyligi, benazir jozibasi va teran insoniy dardi bilan ajralib turadi. Sherali Joʻrayev repertuari, haqiqatan ham, koʻp qirrali va rang-barang. Qoʻshiqlari asosini Sharq mumtoz adabiyoti namoyandalari (Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Jaloliddin Rumiy, Abdurahmon Jomiy, Hofiz Sheroziy, Boborahim Mashrab, Muhammadrizo Ogahiy…) va zamonaviy she’riyat vakillari (Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Rasul Hamzatov…) ijodidan namunalar tashkil etadi.
Sherali Joʻrayev nafaqat sanʼatkor, balki bastakor ham. Ko‘pgina qoʻshiqlari kuyini oʻzi bastalagan va deyarli barchasi xalqimiz orasida mashhurlikka erishdi. “Birinchi muhabbatim”, “Oʻzbegim”, “Karvon”, “Achchiq haqiqat”, “Yaralgan”, “Oshiqlar sardori”, “Inson qasidasi” shular jumlasidan. Xalqimizni tarannum etuvchi “Oʻzbegim” qoʻshigʻi “World Music Network” 2005-yili chiqargan “Oʻrta Osiyo musiqasi boʻyicha umumiy qoʻllanma” albomiga kiritilgan.
Sherali Joʻrayevga 1987-yili Oʻzbekiston xalq artisti, 2018-yili esa Tojikiston xalq artisti unvoni berilgan. 1991-yili Alisher Navoiy nomidagi Davlat mukofotiga munosib koʻrilgan. 2022-yilning 12-aprelida esa 75 yillik yubileyi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Prezident farmoniga binoan “El-yurt hurmati” ordeni bilan taqdirlandi.
Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi elimizning chinakamiga sevimli hofizi, oʻzbek sanʼatida oʻz maktabi va ovoziga ega san’atkor Sherali Joʻrayevni bugungi qutlugʻ yoshi bilan tabriklaydi. Uzoq umr, sihat-salomatlik va ijodiy barkamollik tilaydi.
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Ilm-fan
Jamiyat
Sport
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q