Jamiyat
Oʻzbekistonda 10-apreldan “Toza havo” oyligi tadbiri boshlandi, deb xabar beradi Tabiat resurslari vazirligi.
Ichki ishlar, Sogʻliqni saqlash, Tabiat resurslari vazirliklari bilan birgalikda oʻtkaziladigan tadbirdan maqsad mamlakatda avtotransportlar tashlamalarini kamaytirishdir.
Taʼkidlanishicha, soʻnggi yillarda ishlab chiqarish korxonalari, avtomobillar sonining koʻpayishi atmosferaga chiqarilayotgan tashlamalar miqdorining sezilarli ortishiga sabab boʻlmoqda. Bu esa oʻz navbatida respublikada, ayniqsa, Toshkent shahrida havoning ifloslanish darajasi oshishiga xizmat qilyapti.
2022-yil yakuniga koʻra, havo ifloslanishi boʻyicha xalqaro havo indeksi reytingida Toshkent shahri 20-oʻrinni egallagan.
Maʼlumot uchun, bugungi kunda Oʻzbekistonda 4 millionga yaqin avtotransport vositalari mavjud boʻlib, shundan 100 mingtasi nosoz hisoblanadi. Ulardan atmosferaga bir yilda oʻrtacha 1,3 million tonna zararli tashlamalar tashlanadi, bu umumiy tashlamalarning 63 foizini tashkil etadi (ushbu koʻrsatkich Toshkent shahrida 88 foizga teng).
Transport vositalari sonining kundan-kunga ortishi natijasida tashlamalar miqdori oldingi yilga nisbatan 2022-yilda 26 ming tonnaga koʻpaygan. Bunga foydalaniladigan yoqilgʻi turining sifati, aholining jamoat transportlaridan yetarli darajada foydalanmasdan, oʻz avtotransport vositalarida yurishlari, avtoulov egalarining oʻz avtotransportlarining texnik sozligiga yetarli darajada eʼtibor qaratmasliklarini asosiy sabablar sifatida keltirish mumkin.
Tadbir davomida respublikaning barcha hududlaridagi yoʻl-patrul maskanlarida, viloyat, tuman (shahar)larning markaziy koʻchalarida benzin, dizel, tabiiy siqilgan va suyultirilgan gazda harakatlanadigan avtotransport vositalarining atmosfera havosiga tashlanayotgan zararli gazlar miqdori maxsus asbob-uskunalar orqali koʻrikdan oʻtkaziladi.
Qayd etilishicha, tadbir doirasida 79 ta yoʻl-patrul maskanlarida koʻrik nuqtalari, shuningdek, viloyat va shaharlar markaziy koʻchalarida koʻchma postlar tashkil etilib, ularga 500 nafar xodim jalb etiladi. Tadbir 10-maygacha davom etadi.
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Ilm-fan
Jamiyat
Sport
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q