3000 metr balandlikka ko‘tarilgan, 100 metrga yoyilgan va Registonni egallagan bayroqlar – Davlat bayrog‘ining 30 yilligi respublika bo‘ylab keng nishonlandi

Saqlash
17:13 / 19.11.2021 2213 0

O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘ining 30 yilligi mamlakatimiz bo‘ylab keng miqyosda nishonlandi. Toshkent shahridagi «Xalqlar do‘stligi» maydonida «Muqaddasdir Vatan bayrog‘i!» shiori ostida tantanali bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi. Uzunligi 100 metr, eni 18 metr bo‘lgan ulkan bayroq maydonga olib chiqilib, katta to‘lqin hosil qilindi. El sevgan ijodkor va san’atkorlar, harbiylarning chiqishlarini barcha iliq qarshi oldi. Poytaxtimizdan boshlangan bayram shukuhi butun mamlakat bo‘ylab taralib ketdi. Barcha tadbirlar Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi hamda uning hududiy bo‘lim va bo‘linmalari tomonidan muvofiqlashtirib borildi.


Bayram Qoraqalpog‘iston Respublikasining barcha tumanlarini qamrab oldi



Nukus shahrida tashkil etilgan tantanali marosimda bayroqning butun xalqimizni birlashtirish, jipslashtirishdagi ahamiyati urg‘ulanib, taniqli san’atkorlar ijrosida vatanparvarlik ruhidagi qo‘shiqlar ijro etildi. Milliy gvardiya, turizm va sport bosh boshqarmasi markaziy ko‘chalarda marafon hamda ko‘rgazmali yurishlar uyushtirdi. Bayram tadbirlari Qoraqalpog‘iston Respublikasining barcha hududlarida kun bo‘yi davom etdi.


Qashqadaryoda haydovchilarga bayroqchalar ulashildi



Bayram tantanalari Qarshi shahridagi Ma’naviyat maskanida Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazining Qashqadaryo viloyat bo‘limi hamda Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug, Oliy harbiy aviatsiya bilim yurti bilan hamkorlikda tashkil qilindi. Viloyat IIB yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi bilan hamkorlikda haydovchilarga bayroqchalar tarqatildi.


Xorazm viloyatida tadbir bayroq marshi bilan boshlandi



Xorazmda tadbirlar Milliy gvardiya viloyat boshqarmasining harbiy otliqlari va maxsus avtomobillari, ichki ishlar boshqarmasi yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi xizmat mashinalari va mototransportlari namoyishi, Shimoli-g‘arbiy harbiy okrugning orkestri sadolari, jamoatchilik faollarining bayroq marshi bilan boshlandi. Bayram tantanalari kun davomida voha ahliga yuqori kayfiyat ulashdi.


Farg‘onada O‘zbekiston bayrog‘i 3000 metr balandlikka olib chiqildi



O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i qabul qilinganining 30 yilligi Farg‘ona viloyatida ko‘tarinki ruhda bo‘lib o‘tdi. Tadbir doirasida harbiylar tomonidan milliy ramzimiz 3000 metr balandlikka olib chiqildi. Jonkuyar yurtdoshlarimizga «Ma’naviyat fidoyisi» ko‘krak nishoni topshirildi.


Sirdaryolik yoshlar hokimlar ko‘ksiga bayroq tasmalarini taqib qo‘yishdi



Sirdaryo viloyatida ham «Muqaddasdir Vatan bayrog‘i» shiori ostida konsert dasturi uyushtirildi. Teatr aktyorlari ijrosida «Bayroq va yurak» nomli sahna ko‘rinishi namoyish etilib, diltortar navolar, kuy-qo‘shiqlar yangradi. Sirdaryolik yoshlar viloyat, tuman va shahar hokimlari hamda viloyat boshqarma, idora-tashkilotlar rahbarlari ko‘ksiga davlatimiz bayrog‘i tasmasini taqib qo‘yishdi. Aytish kerakki, ushbu tashabbus mutasaddilar tomonidan iliq kutib olindi.


Buxoro ko‘chalari bayroqlar bilan bezatildi



Buxoro viloyatida bo‘lib o‘tgan asosiy tantanada Milliy gvardiya, O‘zbekiston mudofaasiga ko‘maklashuvchi «Vatanparvar» tashkiloti tomonidan parad tashkil qilindi. Ko‘chalar bo‘ylab ilingan bayroqlar yurtdoshlarimiz va sayyohlarga o‘zgacha shukuh bag‘ishladi. Labi Hovuz majmuasidan Ark qo‘rg‘onigacha bo‘lgan masofada haqiqiy bayramona ruh hukmron bo‘ldi.


Surxondaryoda piyoda yurish aksiyasi o‘tkazildi



Erta tongdan Surxondaryo viloyati hokimi o‘rinbosari boshchiligida keng jamoatchilik vakillari markaziy ko‘chalar bo‘ylab milliy bayroqni baland tutib tadbir namoyishlarini boshlab berdi. Bayram doirasida velosportchilar ishtirokida bayram marshi va yoshlar o‘rtasida piyoda yurish aksiyasi o‘tkazildi. Shuningdek, Termiz shahridagi San’at saroyida tantanali marosim bo‘lib o‘tdi.


Namanganda ham milliy ramzimizning 30 yilligi munosib nishonlandi



Davlat bayrog‘ining 30 yilligi bayram tantanalari Namangan viloyatida «Uch favvora» xiyobonida keng nishonlandi. Tadbirda viloyat hokimligi mutasaddilari, ziyolilar, yoshlar va aholi vakillari faol qatnashdi. San’at ustalarining vatanparvarlik ruhidagi kuy-qo‘shiqlari barchaga yaxshi kayfiyat ulashdi.


Jizzaxda bayram tantanalari Sharof Rashidov shoh ko‘chasidan boshlandi



O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i qabul qilinganining 30 yilligi munosabati bilan Sharof Rashidov shoh ko‘chasida ommaviy yurish tashkil etildi. Jizzax viloyat hokimligi, harbiy qismlar, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazining viloyat bo‘limi xodimlari hamda boshqa tashkilot vakillari qatnashgan tadbir viloyat musiqali drama teatrida davom etdi. Qadimiy Amir Temur darvozasi yaqinidagi adirlikka 100 x 60 metr hajmdagi ulkan O‘zbekiston davlat bayrog‘i yoyildi.


Andijonda qutlug‘ sanaga bag‘ishlab sport musobaqalari uyushtirildi



Andijonda ham qator bayram tadbirlari tashkil etildi. Xususan, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Izboskan tuman bo‘limi hamda «Vatanparvar» tashkiloti o‘quv sport texnika klubi hamkorligida avtomashinalar paradi o‘tkazildi. Davlat bayrog‘i sharafiga uyushtirilgan sport musobaqalari g‘oliblari munosib taqdirlandi.


Samarqandda Registonga ulkan bayroq yoyildi



Registon maydonidan Ko‘ksaroy maydonigacha marafon start oldi. 20x40 metr hajmli davlat bayrog‘i yuzlab yurtdoshlarimiz boshi uzra mavj urdi. Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazining viloyat bo‘limi tomonidan Samarqand temir yo‘l vokzali va tarixiy obidalarda chet eldan tashrif buyurgan sayyohlarga bayroqchalar va tasmalar tarqatildi.


Toshkent viloyatida bayrog‘imiz o‘rnatilgan avtoulovlar karvoni


Toshkent viloyatida milliy bayrog‘imiz o‘rnatilgan avtoulovlar karvoni tashkil qilindi. So‘ng “Metallurg” madaniyat saroyida viloyat faollari ishtirokida tadbir bo‘lib o‘tdi. Ijodiy jamoalar tomonidan tayyorlangan vatanparvarlik ruhidagi kuy-qo‘shiq va raqslar yig‘ilganlarga yanada ko‘tarinki kayfiyat baxsh etdi.


Navoiy viloyatida bayroqlar festivali bo‘lib o‘tdi



Navoiy viloyati Zarafshon shahrida davlatimiz bayrog‘i qabul qilinganining 30 yilligi munosabati bilan “Muqaddasdir Vatan bayrog‘i” shiori ostida mashinalar karvoni va bayroqlar festivali o‘tkazildi.

Tantanali marosimda ta’kidlanganidek, milliy bayrog‘imizning samolarda mavjlanib hilpirashi eldoshlarimizni, ayniqsa, ilm-fan sirlarini puxta egallayotgan navqiron avlod va porloq kelajagimiz egalari bo‘lgan yoshlarimizni biz ko‘zlagan muhtasham manzil – uchinchi Renessans poydevorini bunyod etishga chorlab turishi shubhasiz.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//