O'zbekistonda vabo qayd etildimi? Rasmiy izoh berildi

Saqlash
17:43 / 25.03.2023 7011 0

Soʻnggi kunlarda JSST tomonidan yana toʻrt mamlakatda vabo epidemiyasi qayd etilgani, Yer yuzida vabo kasalligining tarqalish xavfi juda yuqoriligi, Xalqaro ekspertlar vaboga chalinganlar oʻrtasida oʻlim darajasi sezilarli darajada ortgani haqida xabarlar eʼlon qildi.


Vabo kasalligi boʻyicha dunyodagi epidemik vaziyat hamda Respublikada kasallikni kirib kelishi va tarqalishining oldini olish yuzasidan olib borilayotgan ishlar xususida Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi boshqarma boshligʻi Rustamjon Ikromov maʼlumot berdi.

 

Unga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasi hududiga 2023-yilda karantin va oʻta xavfli yuqumli kasalliklarni chet davlatlardan kirib kelishi va aholi oʻrtasida tarqalish holatlari kuzatilmadi. Bugungi kunda mamlakatimiz hududiga kasalliklarni chetdan kirib kelishining oldini olish maqsadida respublika boʻyicha davlat chegaralarini kesishish joylarida 48 ta sanitariya – karantin punktlari faoliyat olib bormoqda. 

 

Sanitariya – karantin punktlari tomonidan 2022-yilda 1 070 683 avtotransport koʻrilgan, 13 273 020 nafar fuqaro tibbiy-sanitariya nazoratidan oʻtkazildi. Nazoratdan oʻtkazilganlar orasida 3995 nafar yuqumli kasallikka gumon qilingan bemorlar aniqlanib, ularga nisbatan profilaktik va epidemiyaga qarshi chora-tadbirlar olib borildi.


"Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti kasallikning tarqalishini oldini olish uchun toza suv va sanitariya sharoitlarini yaxshilashni tavsiya qiladi. Oʻlimni kamaytirish uchun vaboni davolash markazlari va ogʻiz regidratatsiyasi boʻlimlarini tashkil etish orqali tibbiy yordamdan foydalanishni yaxshilashni oʻz ichiga olgan epidemiyani boshqarishni amalga oshirish kerak. Ogʻiz orqali vaboga qarshi vaksinalarni (OCV) vabo epidemiyalarini nazorat qilish va vabo xavfi yuqori boʻlgan hududlarda qoʻllanilishi kerakligini tavsiya etmoqda. Bundan tashqari, epidemiya sezilarli transchegaraviy harakat mavjud boʻlgan chegara hududlarida sodir boʻlganda JSST manfaatdor mamlakatlarni hamkorlikka va muntazam ravishda maʼlumot almashishga chaqirmoqda.

 

Sayohat qilishni rejalashtirishayotgan aholi quyidagi maʼlumotlarga eʼtibor qaratishlari soʻraladi.

 

-Yuqumli va parazitar kasalliklarning oldini olish uchun infeksiyani va kasallikning keyingi rivojlanishini oldini olish uchun ehtiyot choralarini koʻrish;

 

- faqat ishonchingiz komil boʻlgan ovqatni isteʼmol qilish;

 

- faqat kafolatlangan xavfsiz suv va ichimliklar (ichimlik suvi va zavod qadoqidagi ichimliklar, qaynatilgan suv) ichish. Xom suvdan tayyorlangan muzlarni isteʼmol qilmaslik;

 

- goʻsht, baliq, dengiz mahsulotlarini termik ishlovdan soʻng isteʼmol qilish;

 

- oziq-ovqat mahsulotlariga zarurat tugʻilganda faqat ixtisoslashtirilgan doʻkonlar yoki zavod qadoqlaridagi mahsulotlarni sotib olish;

 

- meva va sabzavotlarni xavfsiz suv bilan yuvib, qaynoq suv bilan chayish;

 

- ovqatlanishdan oldin har doim qoʻlingizni sovun bilan yaxshilab yuvish;

 

- suv havzalari va hovuzlarda choʻmilish yoki suzish jarayonlarida ogʻiz boʻshligʻiga suv kirishiga yoʻl qoʻymaslik;

 

- turgʻun va sekin oqadigan suv havzalarida choʻmilmaslik, bu sogʻliq uchun oʻta xavfli hisoblanadi.

 

Shuningdek, iloji boricha mahalliy umumiy ovqatlanish korxonalari xizmatlaridan foydalanmaslik va notanish yeguliklarni tatib koʻrmaslik, bozor va rastalardan ishlab chiqarilishi noʻmalum boʻlgan oziq-ovqat mahsulotlarini xarid qilmaslik, uy sharoitida tayyorlangan noz-neʼmatlarni isteʼmol qilmaslik tavsiya etiladi", deydi mutaxassis.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//