Madaniyat
Kinochilar uyida Kinematografiya agentligi buyurtmasiga binoan Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi hamda Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi hamkorligida Hujjatli va xronikal filmlar kinostudiyasi tomonidan yaratilgan Oʻzbekiston Qahramoni, Oʻzbekiston xalq shoiri, davlat madhiyasi matni muallifi Abdulla Oripov haqidagi badiiy filmning maxsus namoyishi oʻtkazildi.
Unda shoirning farzandlari, agentlik rahbariyati, OAV vakillari, kinoijodkorlar va mutaxassislar ishtirok etishdi.
“Abdulla Oripov” filmi nafaqat shoirning oila aʼzolari bilan balki, oʻzbek adabiyotining koʻzga koʻringan yetuk namoyondalari, jumladan, Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari Minhojiddin Mirzo kabi mutaxassislarning taklif va mulohazalari ostida ishlandi.
Film namoyishga kelganlarda iliq va ijobiy taassurot qoldirdi. Ayniqsa, taqdimotda qatnashgan Abdulla Oripovning farzandlari va nabiralari filmdan taʼsirlanib, koʻz yoshlarini yashira olishmadi. Namoyishdan soʻng oʻtkazilgan muhokamada kinoshunoslar, jurnalist va jamoat faollarining kartina boʻyicha tahliliy-tanqidiy mulohazalari hamda turli taklif va tavsiyalari bildirildi.
Taqdimotda shoirning rafiqasi Hanifa Mustafoyevaning Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va film yaralishida oʻz hissasini qoʻshganlarga yoʻllangan tashakkurnomasi oʻqib eshittirildi.
“Men Abdulla aka haqida badiiy film suratga olinishi haqidagi qarorni oʻqiganimdan buyon koʻnglimda kechayotgan tuygʻularimni (hayajon, iztirob, faxr va minnatdorlik) soʻz bilan ifodalay olmayman. Butun umringizni qayta koʻrish hayajoni, sogʻinch va diydor iztirobi, kamdan-kam odamga nasib etadigan eʼtibor, gʻurur, hech bir ganj bilan uzib boʻlmaydigan minnatdorlik hissi oʻrtamoqda qalbimni. Buning uchun Prezidentimizga va shu ishda bosh-qosh boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi Kinematografiya agentligi rahbariyatiga, filmni sahnalashtirishda sidqidildan mehnat qilgan ijodiy jamoaga, barcha ijrochi aktyor va aktrisalarga oilamiz nomidan minnatdorlik izhor qilamiz. Men filmni tasvirga olish jarayonida shaxsan ishtirok etdim. Film tayyor boʻlgach, uning ilk tomoshabini ham bizning oilamiz boʻldi va u barchamizga maʼqul keldi. Filmdagi voqealar shoirning bolaligi, talabalik yillari, toʻy va boshqa ijodiy jarayonlar, Abdulla akaning soʻnggi yillari haqidagi sahnalar boʻlgan voqealar asosida, oila aʼzolarimiz bilan bamaslahat holda aks ettirilgan”.
Filmda Abdulla Oripovning Qashqadaryo viloyati Koson tumani Nekoʻz qishlogʻida oʻtgan va ijodga ilk qadam qoʻygan bolalik yillari, Toshkent shahrida oʻtkazgan talabalik davrlari, ijod namunalarining ilk nashri, uning shoir boʻlib shakllanishidagi hissiyotlari va tuygʻulari, shoirga xos sevgisi, mashhurlikning kelishi va Amerikada oʻtgan soʻnggi yillari ochib beriladi.
Namoyishda soʻzga chiqqan shoirning qizi Shoira Oripova otasi haqidagi film oila aʼzolari bilan birgalikda maslahat qilib ishlangani uni xursand qilganini taʼkidlab oʻtdi. Shuningdek, soʻzga chiqqan boshqa kinoijodkorlar ham film haqida oʻz fikrlarini bildirib oʻtishdi.
Filmning tasvirga olish ishlari Qashqadaryo viloyatining Nekoʻz qishlogʻida, Toshkent shahrida, Toshkent viloyatining Yangiobod shaharchasida hamda Amerika Qoʻshma Shtatlarining Xyuston, Los-Anjeles va Nyu-York shaharlarida olib borildi.
Filmda bosh rollarni “Doʻstlik” ordeni sohibi, Abdulla Oripovning shogirdi, shoir Shodmonqul Salom va mahoratli aktrisa Rayhon Asadova ijro qilgan. Shuningdek, Abdulla Oripovning keksalik davrini Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan artist Qudratilla Burxonov, shoirning rafiqasi Hanifa Mustafoyeva rolini esa Oʻzbekiston xalq artisti Gulchehra Jamilova ijro qilgan.
Film postanovkachi rejissyori Muzaffarxon Erkinov, ssenariy mualliflari Minhojiddin Mirzo, Muqaddas Usmonova va Furqat Usmonov, postanovkachi operator Ravshan Mirzakamolov, film bosh prodyuseri Firdavs Abduxoliqov.
Siyosat
Jahon
Ilm-fan
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q