O‘zbekiston va AQSH virusli gepatit infeksiyasini bartaraf etish bo‘yicha hamkorlik qiladi

Saqlash
16:27 / 17.02.2023 1218 0

Sog‘liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov AQSH Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazlarining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy dasturi direktori vazifasini bajaruvchi Jastin Uilyams bilan uchrashdi.

 

Muloqot avvalida davlatlar o‘rtasida tibbiyot yo‘nalishidagi hamkorlik aloqalari yildan yilga mustahkamlanib borayotgani, birgalikdagi loyihalar yurtimizda mazkur sohani rivojlantirishga xizmat qilayotgani alohida qayd etildi.

 

Ta’kidlanishicha, davlat rahbari topshirig‘iga asosan, koronavirus hamda boshqa yuqumli infeksiyalarga qarshi kurashish, vaksinasiya, sanitariya-epidemiologiya va yana qator yo‘nalishlar bo‘yicha tegishli loyihalar samarali amalga oshirilmoqda.

 

2023-yilda o‘zaro hamkorlik asnosida  Amaliy epidemiologiya bo‘yicha o‘quv dasturi (FETP) orqali tibbiyot xodimlarining epidemiologik tekshiruvlar o‘tkazish, ilmiy ma’lumotlarni tahlil qilish va xavfli yuqumli kasalliklarga qarshi zarur choralar ko‘rish yuzasidan bilim hamda malakalarini oshirish rejalashtirilgan.

 

O‘zbekistonda COVID-19 ga qarshi samarali kurash tadbirlari doirasida emlash dasturini kuchaytirish, koronavirus va boshqa yuqumli infeksiyalarning tarqalishini kamaytirish, nafas olish xastaliklarini nazorat qilish tizimini qo‘llab-quvvatlash kabi muhim loyihalar yo‘lga qo‘yilishi ko‘zda tutilgan.

 

Uchrashuvda, shuningdek, o‘zaro hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarish, jumladan, mamlakatda virusli gepatitning B va C turlarini bartaraf etish bo‘yicha Milliy harakatlar rejasini ishlab chiqish yuzasidan texnik yordam ko‘rsatish, COVID-19 ning aylanma shtammlarini aniqlash, Mikroblarga qarshi chidamlilik loyihasini ishga tushirish bo‘yicha ham aloqalarni kengaytirishga kelishib olindi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//