Madaniyat
14-fevral kuni shoh va sarkarda, benazir shoir, jahon ilm-fani hamda madaniyati rivojiga munosib hissa qoʻshgan Zahiriddin Muhammad Boburning 540 yillik tavallud kuniga bagʻishlangan tadbir Andijon shahridagi Bobur maydonidan boshlandi.
Dastlab Andijon viloyat, tuman va shahar hokimliklari, korxona va tashkilotlar vakillari, shuningdek, Hindiston, Afgʻoniston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston va Amerikadan kelgan boburshunos olimlar, keng jamoatchilik vakillari hamda talaba-yoshlar buyuk bobomizga hurmat ifodasi sifatida uning haykali poyiga guldastalar qoʻydilar.
Tadbirda soʻz olgan Respublika maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari Minhojiddin Mirzo buyuk ajdodimiz Zahiriddin Muhammad Bobur qoldirgan adabiy-ilmiy merosning qadr-qimmati, jahon adabiyotining nodir xazinalari sifatida asrlar davomida eʼzozlab kelinayotgani haqida atroflicha fikr-mulohazalar bildirdi.
Shundan soʻng “Zahiriddin Muhammad Bobur ijodiy merosining bashariyat maʼnaviy-maʼrifiy taraqqiyotidagi oʻrni” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya boʻlib oʻtdi.
Badiiy nasrning betakror namunasi sanaladigan “Boburnoma” tarixiy-memuar asari jahonning 70 dan ortiq mamlakati muzeylaridan joy olgani, bu shoh asarning 30 dan ortiq tilga tarjima qilinganligi eʼtirof etildi. Shoirning dilbar gʻazallari, purmaʼno ruboiy va masnaviylari, butun dunyoga maʼlum-u mashhur “Boburnoma”si, musiqa ilmiga doir durdona asarlari uning naqadar serqirra ijodkor boʻlganligidan darak beradi.
Tadbir davomida mehmonlar hamda Bobur izdoshlari tomonidan uning qalamiga mansub gʻazal, muxammaslar oʻqildi.
“Zahiriddin Muhammad Bobur ijodiy merosining bashariyat maʼnaviy-maʼrifiy taraqqiyotidagi oʻrni” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya yakunida Bobur nomli xalqaro jamoat fondi tomonidan chop etilayotgan “Zahiriddin Muhammad Bobur. Boburiylar” ensiklopedik ilmiy va ommabop materiallar toʻplami kitoblarining taqdimoti boʻlib oʻtdi.
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Ilm-fan
Jamiyat
Sport
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q