JSST dunyoda vabo tarqalishi xavfini “juda yuqori” deb baholadi

Saqlash
20:45 / 13.02.2023 1302 0

Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti bayonotiga koʻra, 2022-yil dekabr oyi oʻrtalaridan boshlab Yer yuzida vabo bilan bogʻliq epidemiologik vaziyat yomonlashmoqda.

 

Xususan, shu yil fevral oyiga kelib 18 ta mamlakat hududida mazkur kasallik avj olgani xabar qilindi. Eng yomoni, ularda epidemiyadan oʻlim koʻrsatkichi sezilarli darajada yuqori.

 

Tahlillarga koʻra, soʻnggi ikki asr davomida sayyoramizda yettita vabo pandemiyasi qayd etilgan. Ulardan yettinchisi 1961-yilda boshlangan boʻlib, hamon davom etmoqda.

 

Garchi pandemiya oʻtgan asrning 90-yillari oxirida sezilarli darajada kamaygan boʻlsada, Afrika va Osiyo davlatlarida hanuz epidemiyaning yangi toʻlqinlari vujudga kelyapti.

 

Bemorlar soni koʻpayishi va kasallik geografiyasi kengayishi, qolaversa, vaboga qarshi vaksinalar hamda boshqa resurslar taqchilligini hisobga olib, JSST kelgusi oylarda bu xastalikning yanada avj olishi xavfini juda yuqori, deb baholaydi.

 

Eslatib oʻtamiz, vabo oʻtkir diareya infeksiyasi boʻlib, har yili oʻrtacha 2,9 million kishida aniqlanadi. Achinarlisi, bemorlardan 95 ming nafari infeksiya asoratlari tufayli hayotdan koʻz yummoqda.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//