Behzod Musayev tunda Toshkent shifoxonalaridagi vaziyatni oʻrgandi

Saqlash
14:31 / 15.11.2021 885 0

Sogʻliqni saqlash vaziri Behzod Musayev boshchiligidagi ishchi guruh poytaxt shifoxonalaridagi vaziyatni oʻrgandi, deb xabar berdi vazirlik matbuot xizmati.

 

Xabarga koʻra, Oʻzbekistonda yosh bolalar orasida oʻtkir respirator kasalliklarning davriy koʻtarilishi kuzatilmoqda. Ushbu xastaliklarning eng yuqori koʻrsatkichi Toshkent shahri hissasiga toʻgʻri kelyapti. Natijada poytaxtdagi bolalar klinik shifoxonalariga yuklamalar sezilarli ortgan.

 

Qayd etilishicha, shu sababli sogʻliqni saqlash vaziri Behzod Musayev boshchiligida ishchi guruh tuzilib, 13-noyabr tunda poytaxt shifoxonalaridagi vaziyat oʻrganildi. Shundan soʻng 14-noyabr tonggi soat 04:30 da Toshkent shahrida bolalar oʻrtasida oʻtkir respirator kasalliklar tarqalishi bilan bogʻliq muammolarni zudlik bilan bartaraf etish maqsadida vazir boshchiligida shoshilinch yigʻilish oʻtkazildi.

 

Natijada oʻsha kunning oʻzida oʻrganish xulosalari tahlil qilinib, poytaxtdagi shifo maskanlarida 600 dan ziyod qoʻshimcha oʻrin-joylar tashkil etilgan hamda ona va bolalarga davolanishlari uchun yetarli sharoitlar yaratilgan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//