Turkiya va Suriyada zilzila qurbonlari soni 8 mingga yaqinlashdi

Saqlash
15:05 / 08.02.2023 1476 0

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, zilzila oqibatida Turkiyada 5894 kishi, Suriyada esa 1932 kishi halok bo‘lgan.

 

Turkiya va Suriya chegarasida 6 fevral kuni ertalab sodir bo‘lgan kuchli zilzila oqibatida qurbon bo‘lganlarning umumiy soni, so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, 7800 kishidan oshdi.

 

Turkiyada 5894 kishi halok bo‘lgani tasdiqlandi, 34 mingdan ortiq kishi jarohatlandi, deb xabar berdi 8 fevral, chorshanbaga o‘tar kechasi Turkiya vitse-prezidenti Fuat O‘qtay. Hukumat va isyonchilar nazorati ostidagi hududlarda ishlayotgan qutqaruvchilar ma’lumotlariga ko‘ra, Suriyada kamida 1932 kishi halok bo‘lgan. Dpa agentligi Suriya Sog‘liqni saqlash vazirligi va «Oq dubulg‘alar» tashkiloti ma’lumotlariga tayanib, Suriyada 2270 kishining o‘limi haqida xabar berdi va ikkala mamlakatda jami 8100 dan ortiq odam halok bo‘lganini ta’kidladi.

 

Mutaxassislar qidiruv-qutqaruv ishlari davom etar ekan, qurbonlar soni ortib borishidan xavotirda. Qutqaruvchilarning ishi noqulay ob-havo sharoiti tufayli murakkablashmoqda.

 

«Hozirda bu vaqt bilan poyga. Har daqiqa, har soat omon qolganlarni topish imkoniyati kamayib bormoqda», deya ma’lum qildi Jyenevada Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) bosh direktori Tedros Adxanom Gebreyyesus.

 

JSST vakili Adelxayd Marshangning so‘zlariga ko‘ra, Turkiya va Suriyadagi zilzila oqibatida 23 million kishi jabr ko‘rgan bo‘lishi mumkin. Birlashgan millatlar tashkilotining Bolalar jamg‘armasi (YUNISEF) vakili Jyeyms Elder vayronalar ostida minglab bolalar halok bo‘lgani borasida xavotir bildirdi.

 

7,8 magnitudali zilzila, keyin bir necha soatdan keyin deyarli shunday kuchga teng yana bir zilzila oqibatida minglab binolar, jumladan, shifoxonalar, maktablar va turar joylar vayron bo‘ldi, Turkiya va Suriya shimolida son-sanoqsiz odamlar boshpanasiz qoldi.

 

Xorijiy davlat rahbarlari halokatli tabiiy ofat munosabati bilan hamdardlik bildirdi va har tomonlama yordam taklif etdi. BMT zilzila qurbonlariga yordam berish uchun 25 million dollar ajratilishini e’lon qildi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//