Jizzaxda “issiq-sovuq” qiluvchi domla ushlandi. Mijozlar orasida hokimlikni va deputatlikni koʻzlaganlar bor

Saqlash
16:50 / 15.11.2021 1396 0

Jizzax shahrining Turon mahallasida yashovchi shaxs xonadonida norasmiy diniy faoliyat koʻrsatib, goʻyoki, fuqarolarning ishlarini yaxshilash uchun sehr-jodu bilan shugʻullanib kelgan. Soxta domlaning shogirdlari orasida maktab oʻquvchisi ham boʻlgan. Bu haqda viloyat IIB matbuot xizmati xabar berdi.

 

Ushbu shaxsning yashash joyi koʻzdan kechirilganda, 12 kishi mijoz sifatida navbat kutayotgani maʼlum boʻlgan. Mazkur shaxs vakolati boʻlmasada, fuqarolarga muntazam diniy saboq berib kelgan.

 

Bundan tashqari, fuqaroning xonadonidan nashriyoti koʻrsatilmagan diniy mazmundagi 5 ta kitob, 1 ta ot qamchisi, 9 dona osh pichogʻi, 1 dona poliyetilen paket ichidagi buyumlar va 110 ming soʻm pul rasmiylashtirib olingan.

 

Tekshiruv davomida fuqarolarning ism-sharifi yozilgan 5 ta daftar topilgan. Daftarlarda 100 dan ortiq kishilarning fotosurati hamda soʻragan niyatlari qayd etib borilgan. Ayrim fotosuratlar pichoq yordamida kesilgan. Ushbu daftarlar koʻzdan kechirilganda, “issiq-sovuq” qilish uchun olingan buyurtmalar orasida, hatto, hokimlik va deputatlikka davo qilmoqchi boʻlgan shaxslarning ham borligi aniqlandi.

 

Javobgar shaxsga Oʻzbekiston respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 201-moddasi 2-qismi hamda 241-moddalari bilan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirilib, toʻplangan hujjatlar mazmunan koʻrib chiqilishi uchun Jinoyat ishlari boʻyicha Jizzax shahar sudiga yuborilgan.

 

Sud hukmiga koʻra, fuqaroga nisbatan 10 sutka maʼmuriy qamoq jazosi tayinlandi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//