Xon tayinlagan beklardan Prezident tayinlagan Ortiqxoʻjayevgacha: Toshkentni boshqargan rahbarlar

Saqlash
15:20 / 15.11.2021 1218 0

Toshkent shahrida qadimdan boshlab bugungi kungacha rahbar boʻlgan shaxslarni bilasizmi? Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati ular haqida maʼlumot berdi.

 

Qadimgi Shoshtepa va Mingoʻrik shahristonlaridan boshlab arablar bosqiniga qadar Toshkentda boshqaruv Oʻrta Osiyoning boshqa hududlariga oʻxshash edi: hukmdorning xizmatchilari yaqin qishloqlardan soliq toʻplaganlar, harbiylar esa aholini dushman hujumlaridan himoya qilganlar.

 

Arab bosqinidan keyin sharqiy hududlar boshqaruviga qadimgi mahalliy zodagon oilalarning vakillari tayinlangan. IX asrning oxirida bu yerda, poytaxti Buxoroda joylashgan, deyarli mustaqil davlat tashkil qilinib, Shosh ham uning tarkibiga kirgan. Chirchiq vodiysi va Toshkentga bek hukmdorlik qilgan.

 

Bunday tizim Temuriylar davrida ham saqlanib qoldi: bek viloyat hukmdori tomonidan tayinlangan, shaharni esa mahalliy zodagonlar ichidan tayinlangan rais yoki hokim boshqargan. Koʻpincha ular musulmon ruhoniylari boʻlgan. Bek qozilarni ham tayinlagan. Soliq toʻplash jarayonida bekning odamlari shahar hunarmandlari, qishloq aholisi va xorij savdogarlari savdo-sotiq qilgan bozorlarning ishini ham muvofiqlashtirgan. Shahar hokimiyatining tarkibi asosan zodagon va ruhoniy vakillardan tashkil topgan. Lavozimga tayinlanish uchun amaldorlar fors va arab tillarini, Quron va shariat asoslarini bilishi, savodli va turli fanlardan xabardor boʻlishi talab qilingan.

 

XVIII asr oxirida Shayxontohur dahasining hokimi Yunusxoʻjaning sharofati bilan mintaqada birlashish va mustahkamlashish roʻy berdi va Toshkent davlati tashkil topdi. U oʻz maqomini mustahkamlab, chegaralarini kengaytirish uchun urush ham olib borgan.

 

1810-yildan Toshkent Qoʻqon xonligi tarkibiga kirdi va Toshkent begini Qoʻqon xoni tayinlaydigan boʻldi. Bekning qoʻl ostida shaharning toʻrt qismini – Koʻkcha, Beshyogʻoch, Shayxontohur va Sebzorni – boshqaruvchi mingboshi boʻlgan. Ulardan har biri koʻplab mavze va mahallarga boʻlingan. 1876-yilda 149 mahalla boʻlib, ularning har birini yuzboshi boshqargan.

 

1867-yilda Turkiston general-gubernatorligi tashkil qilindi, Toshkentning boshqaruvi esa general-gubernator tayinlaydigan shahar boshligʻiga topshirildi.

 

1877-yilda shaharni boshqarish Shahar dumasiga topshirildi va uning tarkibiga 72 ta deputat kirdi. Ularni eski shahar qismidan ham, yangi “rus” shahri qismidan ham saylashgan.

 

1907 – 1917-yillarda Shahar dumasining raisi va shaharning boshligʻi Nikolay Guryevich Maliskiy boʻlgan. U ushbu lavozimda Toshkent uchun koʻplab ishlarni amalga oshirgan. Suv taʼminoti va oqova tizimi, tramvay, piyodalar yoʻlaklari, shifoxonalar, koʻkalamzorlashtirish va yoritish, eski shaharni obodonlashtirish, sanitariya va yongʻinga qarshi choralarni joriy qilish, ariqlarni, koʻcha va hovlilarni tozalash – uning qoʻl ostida hal qilingan masalalarning kichik bir qismidir.

 

1917-yilda Toshkentda hokimiyat Toshkent ishchilari va askar deputatlari kengashiga oʻtdi. Kengash Toshkent shahar dumasining vazifalarini oʻz zimmasiga oldi. Bir qancha vaqt oʻtib, Toshkent shahar Kengashi Toshkentda yagona hukumatning vakillik va qonunchilik organi boʻldi. U Ijroiya qoʻmitasini tashkil qildi. Qoʻmita oʻz raisining rahbarligida Toshkentda sovet hukumatining ijroiya organiga aylandi. Bunday boshqaruv tuzilmasi shaharda mustaqillikka qadar saqlandi.

 

Bundan tashqari, Kommunistik partiyaning shahar Kengashi faoliyat yuritgan boʻlib, uning qarorlari ijrosi shahar Kengashi va shahar ijroiya qoʻmitasi uchun majburiy boʻlgan. Har bir tumanda partiya tuman qoʻmitasi, tuman kengashi va tuman ijroiya qoʻmitasi faoliyat yuritgan.

 

Zamondoshlarning soʻzlariga koʻra, Toshkentning rivojlanishida 1972-1985-yillarda Toshkent shahar ijroiya qoʻmitasining raisi Vohid Ohunovich Kozimov katta ishlar qilgan.

 

1990-1994-yillarda shaharga Atxambek Ibragimovich Fozilbekov hokimlik qilgan.

 

1994-2001-yillarda Kozim Nosirovich Toʻlaganov poytaxtni boshqargan.

 

2001-2005-yillarda — Rustam Mavzurovich Shoabdurahmonov hokim boʻlgan.

 

2005-2011-yillarda – Abduqaxxor Xasanovich Toʻxtayev shaharni boshqargan.

 

2011-2018-yillarda – Rahmonbek Jahongirovich Usmonov Toshkent hokimi boʻlgan.

 

2018-yilning 26-aprel kuni Prezidentimiz tomonidan Toshkent shahar hokimining vazifasini bajaruvchisi lavozimiga Jahongir Obidovich Ortiqxoʻjayev tayinlandi. 2018-yilning 21-dekabr kuni u poytaxt hokimi lavozimiga tasdiqlandi. Toshkent hokimi senator va Xalq deputatlar Toshkent shahar Kengashining raisi vazifasini ham bajarib kelmoqda.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//