Siyosat
Prezident Shavkat Mirziyoyev Davlatobod tumanida joylashgan “Yangi Oʻzbekiston yoshlar ziyo maskani” kutubxonasini borib koʻrdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.
Majmua 2021-yil foydalanishga topshirilgan edi. Bugungi kunda 70 mingta kitob fondiga ega. Kutubxona jahondagi yirik elektron kutubxonalar tarmogʻiga ulangan. Bu orqali xorijiy adabiyotlardan ham erkin va bepul foydalanishi mumkin.
Tashrif buyuruvchilar maxsus ID-karta oladi. Barcha jarayonlar elektron tarzda bajariladi.
Birinchi qavatda 12 yoshgacha boʻlgan bolalar hamda koʻzi ojiz insonlarga moʻljallangan alohida oʻqish zali tashkil etilgan. Kichkintoylarning ijodiy tasavvurlarini boyitadigan jihozlar qoʻyilgan. Ikkinchi va uchinchi qavatlarda umumiy oʻquv zallari, yertoʻlada arxiv joylashgan. Shuningdek, bu yerda yoshlar axborot texnologiyalarini oʻrganishi mumkin.
Davlat rahbari shu yerda namanganlik yoshlar bilan muloqot qildi.
“Namangan buyuk allomalar, usta tadbirkorlar yurti. Bugun ham yoshlar iqtisodiyot, sanʼat, sport sohalarida katta yutuqlarga erishmoqda. Bularni eshitib, koʻrib, xursand boʻlaman. Yoshlarimiz uchun yanada koʻproq imkoniyatlar tashkil qilishni oʻylayman”, — dedi Prezident.
Viloyatda yigit-qizlar uchun koʻp dasturlar amalga oshirilmoqda. Oʻtgan yili uyushmagan yoshlar oʻrtasida tadbirkorlikni rivojlantirish uchun 140 milliard soʻm mablagʻ berilib, 6 mingdan ziyod yosh oʻz yoʻlini topdi.
Shuningdek, 2,5 ming gektar ekin maydonlarini ajratish natijasida 20 ming yoshlar bandligi taʼminlandi. Sharoiti ogʻir qariyb 5 ming yoshga kontrakt pullari toʻlab berildi.
Muloqotda bu imkoniyatlarni davom ettirishga qaratilgan loyihalar va tashabbuslar haqida soʻz bordi.
“Xabaringiz bor, bu yilni yurtimizda “Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim yili” deb eʼlon qildik. Maktabda ikkita xorijiy til va bitta kasb oʻrganish talabini qoʻyyapmiz. Mana bunday ziyo maskanlari, sport majmualari qurilyapti. Bularning hammasi birlashib, hayot maktabiga aylanishi kerak”, — dedi davlatimiz rahbari.
Shu bois bitiruvchilarni ish bilan taʼminlash va kasb-hunarga oʻrgatishga qaratilgan “Hayot maktabi” dasturi amalga oshiriladi. Bu borada Namangan viloyati tajribasi yaratiladi.
Ilmiy izlanishlarni qoʻllab-quvvatlash, sportni ommalashtirish, koʻngilochar tadbirlar tashkil etish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.
Shu bilan Prezident Shavkat Mirziyoyev vodiy viloyatlariga uch kunlik safarini yakunlab, Toshkent shahriga qaytib keldi.
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Ilm-fan
Jamiyat
Sport
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q