Siyosat
Prezident Shavkat Mirziyoyev Namangan shahridagi “Barkamol avlod” kichik sanoat va tadbirkorlik zonasida boʻldi.
Mamlakatimizda tadbirkorlarga munosib sharoit yaratish uchun joylarda texnopark va kichik sanoat zonalari tashkil etilmoqda. Namangan viloyatida bunday majmualar soni 73 taga yetdi.
Barkamol avlod mahallasida ham ishbilarmonlar, hunarmandlar koʻp. Lekin ular uy sharoitida ishlar, imkoniyatlari cheklangan edi.
Shu bois mahalla yonidagi 10 gektarda zarur infratuzilmaga ega yaxlit majmua barpo etildi. Bu yerga 46 ta loyiha joylashtirilgan. Ularning 18 tasida ishlar yakunlanib, korxonalar faoliyatini boshlab yubordi, 2 mingdan ortiq ish oʻrni ochildi.
Davlatimiz rahbari shu yerdagi “Master klass dizayn”, “Sifat yogʻoch sanoat”, «Balans teks» korxonalaridagi ish jarayonini koʻzdan kechirdi.
Birinchi korxonada yiliga 150 ming dona charm-poyabzal mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda. “Sifat yogʻoch sanoat” yiliga 1 ming 200 toʻplam mebellar, «Balans teks» 400 ming dona toʻqimachilik tovarlari tayyorlash quvvatiga ega. Ularda qoʻshni mahallalardagi avval ishsiz boʻlgan yoshlar, xotin-qizlar mehnat qilib, daromad topmoqda. Mahsulotlar sifatliligi va xamyonbopligi bilan import oʻrnini egallamoqda.
— Oʻzi odamlarimiz ishbilarmon, shijoatli. Mana, zamin yaratuvdik, tadbirkorlik “yurib ketdi”. Endi ishlab chiqaruvchilarga tannarxni tushirish boʻyicha yordam berish kerak. Tannarx - tadbirkorning “hayot-mamoti”. Tannarx pasaysa, eksportga chiqish yengillashadi, biznes kengayadi, yana ishchi oladi, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Sanoat zonasidagi boshqa loyihalarda uskunalar oʻrnatilmoqda. Umuman, bu yerda tayyor kiyim-kechak, charm-poyabzal, qurilish materiallari, mebel, qogʻoz, oziq-ovqat va kimyo mahsulotlari ishlab chiqariladi. Shu atrofdagi Barkamol avlod, Yakkatut, Yangihayot, Objuvoz, Lola, Chaman mahallalarida yashovchi 6 mingdan ziyod aholi ish bilan taʼminlanadi.
Prezidentimiz shu yerda Namanganda ishlab chiqarilayotgan sanoat mahsulotlari koʻrgazmasi bilan ham tanishdi. Mavjud tarmoqlarga qoʻshimcha asalarichilik, zargarlik, meva-sabzavotchilikni rivojlantirish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Ilm-fan
Jamiyat
Sport
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q