Oʻzbekiston Qurolli kuchlarini qurollantirish davlat komissiyasi tashkil etildi. Komissiya raisi Shavkat Mirziyoyev

Saqlash
15:24 / 03.02.2023 1855 0

Prezident Shavkat Mirziyoyev 31-yanvar kuni “Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarini qurollantirish va mudofaa sanoati sohasida davlat boshqaruvini takomillashtirish boʻyicha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmonni imzoladi.

 

Hujjat bilan Oʻzbekiston Qurolli Kuchlarini qurollantirish boʻyicha davlat komissiyasi tashkil etildi. Quyidagilar uning asosiy vazifalari etib belgilandi

 

— maxsus organlarni qurol-yarogʻ, harbiy va maxsus texnika hamda boshqa harbiy va ikki xil maqsadga moʻljallangan mahsulotlar bilan taʼminlash boʻyicha yaqin, oʻrta va uzoq muddatli istiqbollarni belgilash;

 

— Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarini harbiy va ikki xil maqsadga moʻljallangan mahsulotlar bilan taʼminlash boʻyicha kompleks dasturlarni koʻrib chiqish va tasdiqlash;

 

— maxsus organlarni harbiy va ikki xil maqsadga moʻljallangan mahsulotlar bilan taʼminlashni moliyalashtirish masalalarini koʻrib chiqish va uning manbalarini belgilash;

 

— davlat mudofaa buyurtmasini koʻrib chiqish va tasdiqlash;

 

— yangi harbiy va ikki xil maqsadga moʻljallangan mahsulotlarni ishlab chiqarishni tashkil etish yoki mavjudlarini modernizatsiya qilish, investitsiyalarni jalb qilish va ushbu sohada davlat-xususiy sheriklikni yoʻlga qoʻyish, sohani rivojlantirish uchun imtiyozlar va preferensiyalar berish boʻyicha takliflarni koʻrib chiqish;

 

— harbiy va ikki xil maqsadga moʻljallangan mahsulotlar, butlovchi buyumlar va ehtiyot qismlar, oziq-ovqat, kiyim-kechak anjomlari, dori vositalari, yonilgʻi-moylash materiallari va boshqa harbiy-texnik mol-mulkning strategik zaxiralarini yaratish choralarini belgilash;

 

— mudofaa sanoatini rivojlantirish, harbiy va ikki xil maqsadga moʻljallangan mahsulotlar boʻyicha yangi ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil qilish masalalarini koʻrib chiqish;

 

— urush davri uchun mahalliy ishlab chiqarish korxonalariga safarbarlik topshirigʻini biriktirish boʻyicha takliflarni koʻrib chiqish;

 

— maxsus organlarni qurollantirish va mudofaa sanoatini rivojlantirish boʻyicha chora-tadbirlarning bajarilishini koʻrib chiqish.

 

Hujjatda belgilanishicha, Mudofaa sanoati davlat qoʻmitasi negizida (Mudofaa vazirligi huzurida) Mudofaa sanoati agentligi hamda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi huzurida “Oʻztextreyd” davlat unitar korxonasi tuzildi.

 

“Oʻztextreyd” DUK xorijda ishlab chiqariladigan harbiy mahsulotlarni xarid qilish, eksport qilish bilan shugʻullanadi.

 

Davlat komissiyasi raisi Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev hisoblanadi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//